Samarqandda “Ogoh bo‘ling, firibgarlar” mavzusida profilaktik tadbir o‘tkazildi

“Ogoh bo‘ling, firibgarlar” mavzusida o‘tkazilgan profilaktik tadbirda uning ko‘lami kengaymasligi, oldini olish va boshqa masalalar xususida so‘z yuritildi.

Tadbir Samarqand davlat universitetida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi hamda Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.

Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirish, internet orqali tarqaladigan firibgarlik holatlari haqida ogohlantirish va ularning oldini olish maqsadida o‘tkazilgan tadbirni xalq deputatlari viloyat kengashi deputati Mavlon Boboxonov ochib, yig‘ilganlarga firibgarlikning so‘nggi shakllari va ularning xavf-xatarlari haqida o‘z fikrlarini o‘rtoqlashdi.

U internet orqali amalga oshirilayotgan firibgarlik holatlarining sezilarli darajada ko‘paygani, ayniqsa, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlashga qaratilgan viruslar va zararli dasturlar ta’siri ostida odamlar ko‘p zarar ko‘rishini ta’kidladi.

Tadbirda Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi Farhod Mizayev va Asror Suyarov, “Adolat” partiyasining hududiy kengash raisi o‘rinbosarlari Lola Saidova va Asqar Xoliqov ishtirok etdi. Tadbir davomida, bugungi kunda firibgarlik holatlari internet va mobil tarmoqlar orqali keng tarqalganligi ta’kidlandi.

- Hozirgi kunda firibgarlikning oldini olish uchun jamoatchilikni o‘qitish va internet xavfsizligi bo‘yicha muntazam ravishda treninglar o‘tkazish juda muhim, - deydi F.Mirzayev. - Viloyatda firibgarlikdan ko‘rilgan 50 milliard so‘mlik zarar buni tasdiqlaydi. Biz fuqarolarni internet tarmog‘ida ehtiyotkorlikka chaqirgan holda, ularning himoya vositalarini doimiy ravishda yangilab turishlarini tavsiya qilamiz.

Tadbirda fuqarolarga internetdan xavfsiz foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Firibgarlikdan himoya qilish uchun jamoatchilikni ongli ravishda ogohlantirish, shu bilan birga, internet xavfsizligi madaniyatini shakllantirishni davom ettirishga qaror qilindi.

“Adolat” SDP viloyat kengashi matbuot xizmati.