Samarqand shahrida kredit rasmiylashtirib berish evaziga firibgarlik qilgan bankir qo‘lga tushdi
Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilayotgan tadbirlardan birida Samarqand shahrida yashovchi, "Ipoteka-bank" aksiyadorlik tijorat ipoteka bankining "So‘g‘diyona" bank xizmatlari markazida moliyaviy konsultant lavozimida ishlab kelayotgan M.J. bank mijozi bo‘lgan mahalliy fuqaroga 700 mln. so‘m miqdorida ipoteka krediti rasmiylashtirib berishda yordam berishini aytib, evaziga 20 mln. so‘m va 100 dollar talab qilib kelayotganligi aniqlangan.
Shundan so‘ng, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorlikda tadbir o‘tkazgan. Tadbirda M.J. fuqarodan avvaldan kelishilgan 20 mln. so‘m va 100 dollarni olgan vaqtida ushlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirilgan.
Hozirda holat yuzasidan ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.