O‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Kattaqo‘rg‘on shahar Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi xodimi F.Sh. 2 nafar fuqaroni ushbu texnikumga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 1 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Xuddi shunday, Toshket shahri, Mirobod tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.X. fuqaro J.R.ga Qozog‘iston Respublikasidagi universitetning 2-bosqichini tamomlaganligi haqida qalbaki hujjat tayyorlab berish orqali uni Toshkent shahridagi Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutiga 3-bosqichdan o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 2 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bu kabi horat Toshkentning Yangihayot tumanida ham aniqlangan. DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro J.I. fuqaro D.D.ga Qozog‘iston Respublikasidagi universitetning 1-bosqichini tamomlaganligi haqida qalbaki hujjat tayyorlab berish orqali uni O‘zbekiston Respublikasidagi universitetlardan biriga 2-bosqichdan o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 1 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.