Aholi manfaatlarini himoya qilish - bosh maqsadimiz

Samarqand shahrida O‘zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasidan viloyat hamda tuman va shaharlar Kengashlariga saylangan deputatlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda dastlab "Adolat" SDP viloyat kengashi raisi H.Oqbo‘tayev joriy yilgi saylovlarda o‘rin egallagan deputatlarning mas’uliyatli vazifalari haqida gapirdi.
- Deputat birgina yo‘nalishda emas, ko‘p jihatdan faol bo‘lishi lozim, - dedi Himmat Oqbo‘tayev. - Saylovchilar bilan doimiy ishlash, takliflar, fikrlar berish bir yo‘nalish bo‘lsa, odamlarning muammolarini o‘rganish, ularga yechim topishga ko‘maklashish yana bir masaladir. Ulardan deputatlik so‘rovi va yana o‘z vakolatlari doirasida vazifalarni amalga oshirish ham talab etiladi. Xalqqa yaqin bo‘lishning yo‘nalishlari ko‘p. Odamlarning muammosini o‘rgandim, saylovchilar bilan uchrashdim, ishim shu, deb o‘ylaganlar adashadi. Aholi manfaatlarini qonunan himoyalash bosh maqsadimiz bo‘lishi kerak.
Shundan so‘ng saylov, uning natijalari hamda partiyaning asosiy vazifalari, deputatlar bilan bog‘liq yo‘nalishlari, deputatlik guruhi faoliyatini samarali tashkil etish haqida batafsil tushunchalar berildi.
Shuningdek, deputatlarning aholi farovonligi, odamlarning kelajagi, yaxshi turmush kechirishi uchun mas’uliyatini oshirish, bu borada haq-huquqlaridan to‘liq foydalana olishlari, joylardagi muammolarni bartaraf etish uchun tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari jo‘natib, uning ijrosi ta’minlanishini nazorat qilishda nimalarga e’tibor berish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish so‘ngida deputatlar bilan kelgusi yilda qilinadigan vazifalar belgilab olindi hamda barcha hamjihatlikda, xalq farovonligi uchun birlashib faoliyat olib borishi zarurligi aytildi.