Xalqparvar qonunlarni xalqimiz bilan birga yaratamiz
Past Darg‘om tumanida tashkil etilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati shunday nomlandi.
Tadbirda O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi, partiyaning viloyat, tuman va shahar Kengashi raislari, viloyat va tuman kengashi deputatlari, tuman hokimligi xodimlari, Oliy Majlis Senati hamda Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti” a’zolari, mahalla maslahatchilari, faollari, yoshlar yetakchilari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi Bahrom Abduhalimov, partiyaning viloyat Kengashi raisi Muhiba Bababekova, “Yosh adolatchilar” qanoti faoli Farrux Rustamov, viloyat Kengashi deputati Inobat Boboqulova va boshqalar Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida batafsil, moddama-modda to‘xtalib o‘tdi.
Unda insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururini hamma narsadan ustun qo‘yish, sifatli va malakali tibbiy xizmatni tashkil etish, ta’limni rivojlantirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash, xususiy mulk himoyasini muhofaza qilish, tadbirkorlik va investitsiyaviy muhitni yaxshilashga doir masalalardan iborat ekanligini ta’kidlab o‘tishdi.
Shuningdek, davra suhbati davomida fuqarolar faol qatnashib, qonun loyihasiga o‘z takliflarini bildirdi.
Feruz Abdukovulov.