Davlat organlarida natijaga asoslangan boshqaruv
Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish maqsadida Prezidentimizning tegishli farmonlari asosida o‘tgan yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida Boshqaruv samaradorligi agentligi tashkil etildi.
Davlat organlarida natijaga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish, hududlarda yangi imkoniyatlarni aniqlash va boshqaruv samaradorligini oshirish, davlat organlarida inson resurslarini boshqarish va ularning salohiyatini rivojlantirish agentlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi.
Boshqaruv samaradorligi agentligi Samarqand viloyati filiali tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida yangi tizim asosida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
– Avvallari agentligimizni aksariyat yurtdoshlarimiz davlat xizmatiga ishga qabul qilishda sinovlardan o‘tazadigan tashkilot deb bilardi, – deydi Boshqaruv samaradorligi agentligi Samarqand viloyati filiali rahbari Azizbek Ibragimov. – Prezidentimizning 2025 yil 19 iyundagi “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2025 yil 6 dekabrda qabul qilingan “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari asosida faoliyatimiz tubdan o‘zgardi. 2026 yil 1 yanvardan boshlab Agentlikning umumiy muvofiqlashtiruvi ostida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomidagi 33 ta tuman (shahar) hokimliklarida, jumladan, viloyatimizning Bulung‘ur, Payariq, Ishtixon va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida tajriba-sinov tariqasida natijaga asoslangan boshqaruv tizimi joriy etilmoqda.
Xususan, ochiq tanlovlar tashkil etish yo‘nalishida 2026 yilning birinchi choragida vacancy.gov.uz portali orqali 573 ta ochiq tanlovlar e’lon qilindi hamda ushbu tanlovlarda 22 ming 925 nafar nomzod ishtirok etdi. 12 ming 417 nafar nomzodlardan test olinib, tanlov orqali 273 kishi davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilindi. Shuningdek, viloyat tibbiyot muassasalarida mavjud bo‘lgan 669 ta vakant lavozimlar uchun portal orqali ochiq tanlovlar e’lon qilindi hamda tanlovlarda 3924 nafar nomzod ishtirok etdi. Tanlov orqali 176 kishi tibbiyot muassasalariga ishga qabul qilindi.
Fuqarolar muammolarini tezkorlik bilan hal etish hamda murojaatlariga o‘z vaqtida javob berish maqsadida maxsus telegram bot (@vacancy_argos_bot) ishga tushirildi, filialning “Ishonch telefoni” (55-701-11-13) tashkil etildi. Davlat fuqarolik xizmati uchun o‘tkazilayotgan tanlovlarning belgilangan talablarga mos ravishda tashkil etilayotganligi muntazam o‘rganilib, yil boshidan buyon tanlov o‘tkazish tartiblarini buzgan tashkilotlarga 8 ta taqdimnoma, 2 ta ogohlantirish xati chiqarildi.
A.Ibragimovning qayd etishicha, milliy kadrlar zaxirasiga 79 nafar (12 nafar ayol) nomzod saralab olingan bo‘lib, o‘tgan davrda nomenklaturadagi 8 ta lavozimga rahbarlar ular orasidan tayinlangan. Salohiyatli kadrlar zaxirasiga esa mahalalar raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari, ijtimoiy xodimlar va soliq inspektori orasidan 115 nafar nomzod saralab olingan (ularning 32 nafari ayollar).
Inson resurslari va kadrlar salohiyatini rivojlantirish maqsadida muntazam o‘quv kurslari va seminarlar tashkil etilmoqda. O‘ndan ortiq davlat xizmatchilari Turkiya, Vengriya, Germaniya, Xitoy va Latviyada tashkil etilgan o‘quv stajirovkalarida ishtirok etdi.
Filial faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan yana biri rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari faoliyati eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholab borilmoqda. Xususan, viloyat hokimining 8 nafar o‘rinbosari, 16 ta tuman (shahar) hokimi va 94 nafar tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlarining faoliyat samaradorligi aniq raqamlar va faktlar asosida baholanmoqda. Baholash jarayoni to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, barcha ma’lumotlar “Samaradorlik.uz” yagona elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.
Yil boshida Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyat hokimligi va 16 ta tuman (shahar) hokimliklari xodimlari, boshqarma boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari hamda tuman (shahar) bo‘lim boshliqlari, jami 743 nafar davlat fuqarolik xizmatchilari profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Xavf guruhi kasalliklari aniqlangan 38 nafar xodimni davolatish choralari ko‘rildi.
Matbuot anjumanida filial tomonidan hududlarda yangi imkoniyatlarni aniqlash va boshqaruv samaradorligini oshirish maqsadida ilgari surilayotgan tashabbuslar, shuningdek, tajriba-sinov tarzida natijaga asoslangan boshqaruv tizimi joriy etilayotgan to‘rt tumanda olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Masalan, Ishtixon tumanida mayizchilikni rivojlantirish va kengaytirish uchun Safoxo‘ja mahallasida mayizchilik va quruq mevaga ixtisoslashgan XAB tashkil etish taklifi ishlab chiqilgan. Bulung‘ur, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on va Payariq tumanlarida qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmatlar yo‘nalishlarida qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlash va ularni ishga solish bo‘yicha loyihalar olingan. Tekstil sanoati jozibadorligini oshirish, yo‘l bo‘yida zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmualari - Pit Stop tashkil etish, bozorlar va obodonlashtirish boshqarmalari samaradorligi o‘rganilib, aniqlangan muammo yuzasidan takliflar ishlab chiqilgan.
Tadbir davomida filial xodimlari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.