Qonunchilik palatasi deputatlari saylovchilarni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rgandi

Deputatlarning saylovchilar bilan tez-tez uchrashib, yuzma-yuz muloqotlarda ular bilan fikrlashish, fuqarolarning murojaatlari, takliflarini o‘rganish hududlardagi ijtimoiy hayotning muhim masalalarini aniqlashga yordam beradi.

Shu maqsadda O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Shuhrat Polvonov hamda Muzaffara Abdiyevalar Past Darg‘om va Nurobod tumanlarida bo‘ldi. Hududlarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan yaqindan tanishib, fuqarolarning o‘y-tashvishlari bilan qiziqdi.

Xalq deputatlari tuman Kengashiga “Adolat” SDPdan saylangan deputatlari hamrohlik qilgan uchrashuvlarda Muzaffara Abdiyeva dastlab Bog‘ishamol oilaviy shifokorlik punktida bo‘ldi.
Tuman markazidan 30 kilometr masofada joylashgan tibbiy muassasa xizmat ko‘rsatish radiusi 15 kilometr ekan. Bu yerda moddiy-texnik bazani mustahkamlash, tibbiy asbob-uskunalar ta’minoti, isitish masalalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar mavjud.

Keyingi manzil - fuqarolik ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tumani sudi hamda tuman IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limida aholi murojaatlari bilan ishlash ahvoli bilan qiziqdi, sohani yanada takomillashtirish borasida mutasaddilarning takliflarini oldi.

Shu bilan birga "Adolat" SDP Past Darg‘om tumani Kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yo‘l bo‘ylariga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazish ishlarida ishtirok etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Polvonov dastlab Past Darg‘om tumanidagi Mang‘itobod, Parcha Qora, Parcha Chandir, Nov Chandir mahallalaridagi fuqarolari bilan uchrashib, ularning murojaatlarini tingladi. Saylovchilar tomonidan ko‘tarilgan 18-maktabga qo‘shimcha bino va bitta transformator zarurligi, 29-maktabga kurash mati va sport zalini ta’mirlash masalalari yuzasidan deputatlik so‘rovi chiqarishini bildirdi.

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida Mang‘itobod va Parcha Chandir mahallalariga suv minorasi inshootni qurish uchun tegishli tashkilotlarning mutasaddi vakillari bilan muloqot olib bordi. Amalga oshirilish lozim bo‘lgan ishlar borasida ushbu mahallalarning hokim yordamchilariga tavsiyalar berdi.

Shundan so‘ng deputat Nurobod tumaniga bordi.

- Mahallamizdan 80 dan ortiq fuqarolar uchrashuvda ishtirok etdi, - deydi "Buloqboshi" mahallasi raisi P.Ergashev. - Ularning har biri o‘zining murojaati bilan kelgandi. Fuqarolar yo‘l, elektr ta’minotidagi muammolar, eskirgan simyog‘ochlarni yangilash, davlat bog‘chasi qurish, mahallani gazlashtirish, suyultirilgan gaz ballonlari yetishmasligi, yoshlarga yer ajratish, ularning bandligini ta’minlash, xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rni yaratish, ichimlik suvi bilan ta’minlash, maktabga sport zal zarurligi borasida qilingan har bir murojaatga deputat alohida e’tibor qaratdi. Muammolarni shu joyning o‘zida mutasaddilar bilan bog‘langan holda hal etib bergani e’tirofga loyiq.

“Adolat” SDP Samarqand viloyati Kengashi axborot xizmati.