Mahdumi A’zam ziyoratgohini obod etish uchun 25 million dollar sarflanadi

Hazrat Mahdumi A’zamning asl ismi Said Ahmad, otasinig ismi Said Jaloliddin. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning 21-avlodi bo‘lgan.

Mahdumi A’zam u kishiga berilgan unvon. Hazrat 1461 yilda Namanganning Kosonsoyida tug‘ilgan. Yoshligida vodiy va Toshkentdagi madrasalarda ta’lim olib, Samarqandga keladi va Xo‘ja Ahror Valiga shogird tushadi.

U kishining aynan Dahbedda yashab qolishlariga sabab, bu hudud ikki daryo oralig‘i, ya’ni Oqdaryo va Qoradaryo o‘rtasida joylashgani, dehqonchilik qilish uchun qulay bo‘lganidir. Naqshbandiya ta’limotida bir shior bor: “Dast ba koru, dil ba yor”, ya’ni “Qo‘ling mexnatda, diling Allohda bo‘lsin”. Hazrat shunga amal qilgan holda dehqonchilik bilan ham shug‘ullangan. Aniqrog‘i, dehqonlarning piri bo‘lgan. Dehqonchilikka oid 30 dan ziyod asar ham yaratgan. Bu zot umrining oxirgacha mazkur Dahbed qo‘rg‘onida yashab, ijod qilgan va 1562 yilda vafot etgan.

Mahdumi A’zam yirik diniy va siyosiy arbob, Naqshbandiya tariqatining rahnamosi va nazariyotchilaridan biri bo‘lgan. 30 dan ziyod mamlakat podsholari bu zotga murid, ya’ni shogird bo‘lgan ekan. Ularning 14 nafari o‘z vasiyatariga binoan, shu maskandagi dahmaga dafn qilingan. Bu qabrlar orasida Samarqand hokimi bo‘lgan Bahodir Yalangto‘shniki ham bor.

Oqdaryo tumani Dahbed shaharchasida joylashgan mana shu Hazrat Mahdumi A’zam nomiga bunyod etilgan qadamjodagi masjid va maqbara aynan Bahodir Yalangto‘sh tomonidan 1618 yilda bunyod etilgan. Ziyoratgoh markazidagi chinor qariyb besh yuz yillik tarixga ega. Uni Mahdumi A’zam hazratlari bu yerga ko‘chib kelgan paytda, ya’ni 1528 yilda ekkan.

Bir paytlar e’tiborsiz qolgan bu muqaddas joy Vatanimiz mustaqillikka erishgandan keyin obod maskanga aylantirildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yilda ziyoratgoh hududida yanada ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirildi. Buning uchun 25 million dollar miqdorida mablag‘ sarflanishi belgilandi.

Ziyoratchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida dahmaga kirish-chiqish yo‘llari kengaytiriladi, qo‘shimcha ayvon bunyod etiladi. Zamonaviy tahoratxona va avtomobillar turargohi quriladi.

Hududdagi qadimiy masjid ham ta’mirlanib, yon va orqa tomonida ayvonlar barpo etiladi. Bugungi kunda masjid o‘z ichiga 400 kishini sig‘dira olsa, qo‘shimcha ayvonlar qurilgandan so‘ng bu yerda bir vaqtning o‘zida 2 ming nafar namozxon ibodat qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Ziyoratgoh hududi va atrofida ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, obod maskanga aylantiriladi.

Nasrullo Islomov,

Oqdaryo tumani bosh imom-xatibi.