Quruq kuz: Nafas olish qiyinlashyaptimi? Havo namligining pasayishi nafas yo‘llariga nechog‘li ta’sir qiladi?
Keyingi yillarda O‘zbekistonda kuz fasli ob-havosi sezilarli darajada o‘zgarmoqda. Ayniqsa, joriy yilda kuz oylarida havoning odatdagidan ham quruq kelishi aholi salomatligiga ham ta’sir qildi.
Quruq havo nafas yo‘llari kasalliklarining ko‘payishida muhim omillardan biri sifatida qaralmoqda. Namlikning keskin kamayishi nafas yo‘llari shilliq qavatining himoya funksiyasini susaytiradi, patogen mikroorganizmlar uchun qulay muhit hosil qiladi va infeksiya tarqalishiga zamin yaratadi.
Quruq havoning nafas yo‘llariga ta’siri
Nafas yo‘llarining asosiy vazifasi havoni tozalash, namlash va isitishdan iborat. Ammo havo juda quruq bo‘lganda bu tabiiy himoya mexanizmlari ishdan chiqadi. Shilliq qavat namligi 30 foizdan past bo‘lganda uning qurishi tezlashadi, mukotsiliar klirens sekinlashadi va mikrob hamda allergenlar nafas yo‘llariga to‘siqsiz kirib boradi. Bu holat nafas yo‘llarining yallig‘lanishiga, o‘tkir infeksiyalarga moyillikning oshishiga sabab bo‘ladi. Quruq havoda interferon ajralishi kamayib, mahalliy immunitet zaiflashadi. Natijada odam tez shamollab qoladi. Bronxial astma bilan og‘riganlarda esa quruq va sovuq havo bronxospazm chaqirib, nafas qisishiga olib kelishi mumkin.
Nima qilish kerak?
Xona namligini me’yorda ushlash nafas yo‘llari salomatligi uchun juda muhim. Namlik 40–60 foiz bo‘lishi tavsiya etiladi. Buning uchun namlagich qurilmalardan foydalanish, xonaga suvli idish qo‘yish yoki tabiiy namlash usullaridan foydalanish mumkin. Yetarli suyuqlik iste’moli ham havo quroq bo‘lgan davrda katta ahamiyatga ega: kattalarga kuniga 1,5–2 litr, bolalarga yoshiga qarab 0,8–1,2 litr suyuqlik qabul qilish tavsiya etiladi. Burun shilliq qavatini namlash uchun tuzli spreylar, okean suvi asosidagi mahsulotlar (Akva Maris, Akvalor Soft, Marimer) yoki uy sharoitida tayyorlanadigan soda-tuzli eritmalardan foydalanish mumkin.
Xonani kuniga bir necha marta 5–10 daqiqa shamollatish havoni yangilaydi va viruslar konsentrasiyasini kamaytiradi. Chang ko‘tarilgan kunlarda yoki jamoat joylarida niqob taqish nafas yo‘llarini himoya qilishda muhim hisoblanadi. Jismoniy faollik, to‘g‘ri ovqatlanish, vitaminlarga boy mahsulotlar iste’moli, ayniqsa S va D vitaminlari immunitetni mustahkamlashda katta ahamiyatga ega.
Tavsiyalar. Quruq kuz davrida insonlar, ayniqsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shamol ta’siridan saqlanishlari zarur. Kuchli shamolli kunlarda niqob yoki yuzni yopadigan sharfdan foydalanish tavsiya etiladi. Bolalar uzoq vaqt shamolli havoda qolmasligi zarur. Tomoq qurib qolishining oldini olish uchun issiq choy, suv va o‘tli damlamalarni muntazam qabul qilish, berk xonalarda ko‘p va baland ovozda gapirmaslik ma’qul. Uyda namlikni doimiy ravishda nazorat qilish, xonani muntazam shamollatish va namli tozalashni odatga aylantirish kerak. Bolalar yotoqxonalarida harorat 20–22 daraja, namlik esa 45–60 foiz bo‘lishi eng maqbul hisoblanadi. Kechqurun burunni tuzli eritma bilan chayish bolalar va kattalarda quruq havo salbiy ta’sirini ancha kamaytiradi.
Husan Turdibekov,
Samarqand davlat tibbiyot universiteti ftiziatriya va pulmonologiya kafedrasi dotsenti, tibbiyot fanlari nomzodi.