Kuzgi allergiyani shamollash va grippdan qanday farqlash mumkin?
Aksirish, ko‘z yoshlanishi va qichishishi, burun oqishi, yo‘tal... Kuz mavsumida bunday simptomlardan aziyat chekuvchi bemorlar soni birmuncha ko‘payadi. Ammo faqat shu alomatlarning o‘zi O‘RVI yoki grippga chalinganingizni anglatmaydi.
Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova mavsumiy allergiya sabablari, belgilari va ularning o‘tkir respirator virusli infeksiyalardan farqli jihatlari haqida ma’lumot berdi.
— Yurtimizda sentyabr, oktyabr va ba’zan noyabr oylarida ham nisbatan issiq harorat kuzatiladi, — deydi mutaxassis. — Agar shu davrda yog‘ingarchik bo‘lmasa, o‘simlik changchalari o‘z allergik xususiyatini saqlab qoladi. Bu — yuqorida sanalgan alomatlarni keltirib chiqaruvchi birinchi sabab.
Ikkinchidan, salqin kunlar boshlagach, zamburug‘ sporalari yomg‘irdan keyin havoga yuqori konsentratsiyada ko‘tariladi. Buning oqibatida zamburug‘ga nisbatan allergik holatlarning og‘ir formalari uchraydi.
Zamburug‘ sporalari eng ko‘p uchraydigan manba — daraxt va butalardan to‘kilgan yaproqlar. Bundan tashqari, allergenlar zax yoki mog‘orlagan xonalar hamda yerto‘lalarda ham kuzatiladi.
Salqin ob-havo muhiti uy changlarining ko‘payishi uchun ham qulay. Bunday sharoitda allergenlar konsentratsiyasi ortib, allergik rinit, kon’yunktivit yoki astma belgilari kuchayadi. Bu, ayniqsa, yaxshi isimaydigan va zax xonalarda ko‘proq kuzatiladi.
Allergiyani qo‘zg‘atuvchi yana bir manba — uy ichidagi chang to‘plovchi jihoz va anjomlar — gilam va to‘shamalar, yostiqlar, devor qoplamalari, yumshoq mebellar va o‘yinchoqlar hamda kitoblardir.
Mavsumiy allergiyaga moyil odamlarning taxminan yarmi it, mushuk singari uy hayvonlari yungidan aziyat chekadi.
To‘g‘ri, kuzgi allergiya belgilari O‘RVI va gripp alomatlari bilan o‘xshash. Ammo ularni quyidagi farqli jihatlar ajratib turadi.
Masalan, shamollash va gripp belgilari virus qo‘zg‘atuvchisi bilan aloqa qilgandan so‘ng ma’lum muddat o‘tib paydo bo‘ladi. Allergiya alomatlari esa darhol yuzaga keladi.
Shamollash va gripp simptomlari odatda 3-14 kundan so‘ng yo‘qolsa, allergik reaksiyalar bir necha oygacha davom etishi mumkin. Qolaversa, allergiya chog‘ida tana qaqshamaydi, isitma chiqmaydi.
Allergiya belgilari kuzatilgan bemorlar o‘z vaqtida mutaxassisga murojaat qilishlari tavsiya etiladi.