“O‘zbekistonda Xitoy madaniyati kuni” tadbirlari doirasida konsert dasturi o‘tkazildi
Konsertda Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov va Xitoy madaniyat vaziri o‘rinbosari Lui Chuan so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik, madaniy almashinuv hamda ijodiy hamkorlikning bugungi sur’ati haqida gapirdi.
- Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy hamkorlik yildan-yilga kengaymoqda, - dedi Lui Chuan. - Bunday tadbirlar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Biz o‘z san’atimizni Samarqanddek qadimiy madaniyat o‘chog‘ida namoyish etayotganimizdan mamnunmiz.

Tadbir doirasida Xitoyning milliy choy marosimi, kaligrafiya san’ati, an’anaviy hunarmandchilik namunalaridan iborat ko‘rgazmalar ham tashrif buyuruvchilar e’tiboriga havola qilindi.
Katta sahnada ijro etilgan kuy-qo‘shiq va raqslar, nodir san’at asarlari yig‘ilganlarga bayram kayfiyatini ulashdi.

Samarqand davlat chet tillar instituti o‘qituvchisi, xitoylik pedagog Tang Yide tadbirning ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
- Bunday madaniy uchrashuvlar talabalar va yoshlar uchun bebaho imkoniyat. Ular boshqa xalqning san’ati va an’analarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, his qilib o‘rganishadi. Bu nafaqat ta’lim jarayonini boyitadi, balki xalqaro do‘stlikka xizmat qiladi.
Tadbir ishtirokchilari ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik ruhini yanada chuqurlashtirgan bunday dasturlar kelgusida ham davom etishiga umid bildirdilar.