Adiz Boboyev Xitoyning Shandun va Shensi provinsiyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi

1-2 iyun kunlari Samarqandda o‘tkazilayotgan O‘zbekiston-Xitoy ikkinchi hududlararo forumi doirasida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Xitoy Xalq Respublikasining Shandun provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Son Junji bilan uchrashdi.
A.Boboyev mazkur uchrashuv mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik doirasida hududlararo aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim ekanligini ta’kidladi. Ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi muntazam muloqotlari tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik kengayib borayotgani qayd etildi.
Shandun – Xitoyning tarixiy, sanoat va innovatsiya jihatdan yetakchi provinsiyasi hisoblanadi. Samarqand viloyati va Shandun provinsiyasi o‘rtasida 2022 yil avgust oyida imzolangan hamkorlik kelishuvi bugungi kunga kelib amaliy va samarali yo‘nalishlarda rivojlanib bormoqda.
Viloyat rahbari Shandun provinsiyasi bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, farmatsevtika, qurilish materiallari va to‘qimachilik sohalarida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, Samarqandda kasbiy ta’lim markazini tashkil etish va Shandun mutaxassislari bilan o‘quv almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish borasida o‘z takliflarini bildirdi.
- Ikki hudud o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada boyitish maqsadida Samarqand shahrida “Shandun madaniyati kunlari”ni tashkil etish va ikki hudud universitetlari o‘rtasida talabalar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish zarur, - dedi viloyat rahbari.
Shandun provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Son Junji so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar haqida to‘xtalib, xitoylik tadbirkorlarning Samarqandga tashrifi shu paytgacha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonlarini jadallashtirish va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirishda muhim omil bo‘lishini aytib o‘tdi.
Tadbir davomida o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama etilib, ishlab chiqarish va tovar ayirboshlash borasida qator kelishuvlarga erishildi. Shandun provinsiyasi va Samarqand viloyati o‘rtasida hamkorlik memorandumi va boshqa hujjatlar imzolandi.
Shuningdek, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev O‘zbekiston-Xitoy ikkinchi hududlararo forumi doirasida Xitoy Xalq Respublikasining Shensi provinsiyasi gubernatori Chjan Gan bilan ham uchrashdi.
Mazkur muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘zaro savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iboratdir. Ma’lumki, Shensi – Xitoy sivilizatsiyasi beshigi, buyuk tarix va boy madaniy meros maskani hisoblanadi. Ayni paytda Shensi provinsiyasi zamonaviy taraqqiyot sohasida ham Xitoyning yetakchi hududlaridan biri hisoblanadi. Ilmiy-tadqiqot markazlari, yuqori texnologiyali klasterlari, sanoat texnoparklari, elektron komponentlar ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, ta’lim va raqamli iqtisodiyot sohalaridagi yutuqlar ushbu hududning barqaror iqtisodiy salohiyatini oshirmoqda. Shu bilan birga, transport va logistika infratuzilmasi rivoji bo‘yicha ham Shensi muhim strategik markaz sanaladi.
Viloyat rahbari Adiz Boboyev provinsiyaning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda iqtisodiy hamkorlik yo‘nalishlarini amalga oshirishni taklif etdi. Bular Samarqand viloyatida zamonaviy issiqxona majmualari va meva-sabzavotni qayta ishlash korxonalarini tashkil etish, Xitoy bozori uchun ekologik toza qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish, farmatsevtika, elektrotexnika, yengil sanoat va qurilish materiallari sohalarida qo‘shma korxonalar tashkil etish, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida Shensi kompaniyalari uchun maxsus industrial xab yaratish, “Samarqand – Shensi” yo‘nalishida logistika markazlari tashkil etish, Samarqandda kasbiy ta’lim markazi ochib, sanoat korxonalari ehtiyojlari uchun mutaxassislar tayyorlash, innovatsion texnologiyalar bo‘yicha tadqiqot loyihalarini yo‘lga qo‘yishdan iboratdir.
- Biz Samarqand va Shensi o‘rtasida nafaqat iqtisodiy, balki madaniy va ta’lim sohalarida ham hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdormiz, - dedi Adiz Boboyev.
Xitoy Xalq Respublikasining Shensi provinsiyasi gubernatori Chjan Gan uchrashuv chog‘ida o‘zaro munosabatlar izchil rivojlanayotgani, turli darajadagi tashrif va uchrashuvlar muntazamlik tusini olayotgani xususida fikr bildirib, Samarqand viloyati va Shensi provinsiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash yuzasidan Adiz Boboyevning bergan takliflarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Uchrashuvda hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.