Go‘sht yarmarkasida kuniga 1,2 tonnagacha arzon go‘sht mahsulotlari sotilmoqda
Samarqand shahridagi "Siyob dehqon bozori"da aholi uchun arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi tashkil etilmoqda.
Ramazon oyida aholiga qulaylik va sharoitlarni yaratish maqsadida bozor hududida “MSA Fresh mert” MChJ tomonidan arzonlashtirilgan go‘sht do‘koni tashkil etildi. Yangi do‘konda 38 xil assortimentdagi mol go‘shti 55 - 78 minggacha, qo‘y go‘shti esa 85 – 87 ming so‘mgacha bo‘lgan narxlarda sotilmoqda.
- O‘n yildan beri go‘sht va go‘sht mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanaman, - deydi “MSA Fresh mert” MChJ rahbari Akram Nizomov. – Shu paytgacha Samarqand shahrida ikkinchi, mamlakat bo‘ylab esa 100 ta xuddi shunday go‘sht do‘koni tashkil etganmiz. Ayni vaqtda “Temiryo‘l dehqon bozori”da ham do‘konimiz faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, bozorning go‘sht yarmarkasida tadbirkor A.Amrulloyev tomonidan tovuq go‘shti sotishga mo‘ljallangan do‘kon o‘z faoliyatini boshladi. Bu yerda tovuq go‘shtining bir kilogrami 30 ming so‘mdan sotilmoqda. Tovuqning qanoti, oyog‘i va boshqa qismlari alohida qilib, arzon narxlarda sotilayotgani xaridorlarga manzur bo‘layotir.
Go‘sht yarmarkasida kuniga 1,2 tonnaga yaqin go‘sht mahsulotlari sotilmoqda.
Dilmurod TO‘XTAYeV.