Bulung‘urda O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan qon plazmasidan albumin, immunoglobulin dorilar ishlab chiqarish korxonasi tashkil etiladi
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev ishtirokida hukumat komissiyasining viloyat tadbirkorlari bilan ochiq muloqotida tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarga yechim topilib, taklif va tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.
Bir hafta oldin Prezidentimizning farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuvida qatnashdim va Bulung‘ur tumanida qurilayotgan zavodimizni 2027 yilda ishga tushirishga va’da bergandim.
Bugun Bosh vazir o‘rinbosari boshchiligida hukumat komissiyasi kelib tadbirkorlarning faoliyatidagi muammolarga yechim topilyapti.
Bizga hozir Xitoydan 600 ta yuk mashinasida tibbiy jihozlar va qurilish materiallari kirib kelmoqda. Yuklarimizni bojxonada tezroq rasmiylashtirishsa, qurilishimiz to‘xtamaydi va bergan va’damizni bajaramiz.
O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan qon plazmasidan albumin, immunoglobulin kabi dorilar ishlab chiqaramiz. Bu juda qimmat dorilar toifasiga kiradi va qo‘shni davlatlarning hech birida bunday korxona yo‘q. Bu kabi dorilar xorijdan import qilinadi. Bulung‘urda shunday mahsulot ishlab chiqaradigan korxona tashkil qilamiz va asosan ichki bozorga, keyingi navbatda xorijga mahsulot sotishni rejalashtirganmiz.
Uchrashuvda aytgan ikkita masalamiz bo‘yicha Xitoydan kelayotgan mutaxassislarni vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish va jihozlarni bojxona rasmiylashtiruvidan tezlashtirilgan tartibda o‘tkazish va zavodgacha yetkazib berish topshirig‘i berilganidan minnatdorman.
Otabek ChORIYeV,
"Yangi Osiyo" xalqaro biofarmatsevtika korxonasi direktori o‘rinbosari.