Xitoydan kim nima bilan keldi?

Viloyat hokimining o‘rinbosari O.Hamroyev boshchiligida tadbirkorlardan iborat delegatsiya joriy yil 23-29 may kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni hamda Shandun provinsiyasida xizmat safarida bo‘ldi.

Safar davomida umumiy qiymati 120 million dollarlikdan ziyod dastlabki kelishuvlarga erishilgan.

Xususan, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Urumchi shahri partiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari – Urumchi shahri hokimi Yakup Paydulla bilan uchrashuv olib borilib, hamkorlik aloqalarining joriy holati va uni mustahkamlash yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.

Tyanshan hamda Shaybak tumanlari rahbariyati bilan uchrashuvlarda Ishtixon, Oqdaryo va Nurobod tumanlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Uchrashuvda ishtirok etgan rasmiylar hamda tadbirkorlar uchun viloyatning investitsion jozibadorligi, yaratilgan qulayliklar va sanoat zonalari yuzasidan ma’lumot berilib, taqdimotlar qilingan. Shuningdek, tadbirkorlar o‘rtasida B2B uchrashuvlar olib borilib, hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan.

Qayd etish lozimki, delegatsiyamiz Urumchi shahridagi tashkil etilganiga 300 yildan oshgan kollej faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Chunki, 23 yo‘nalish bo‘yicha uch mingdan ortiq yoshlar hunar o‘rganayotgan kollej bilan hamkorlikda Ishtixon hamda Nurobod tumanlarida hunar markazlari tashkil etish va mashinasozlik, elektrotexnika, axborot kommunikatsiyalari kabi yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini o‘rnatish rejalashtirilmoqda.

- Xitoylik tadbirkorlar bilan biznes uchrashuvlarda Oqdaryo tumanining ham investitsiya salohiyati to‘g‘risidagi taqdimotlar o‘tkazilib, investorlar mavjud shart-sharoitlar yaqindan bilan tanishtirildi, - deydi Oqdaryo tumani hokimi Sherzod Qudratov. - Uchrashuvlarda tumanimiz hududida amalga oshirish rejalashtirilgan 5 ta loyiha bo‘yicha 36 million dollarlik anglashuv memorandumi imzolandi. Jumladan, salfetka, gigiyena vositalari va bolalar tagliklari ishlab chiqarish bo‘yicha 12 million dollarlik, elektr o‘tkazgichlar va jihozlar ishlab chiqarish bo‘yicha 8 million dollarlik investitsiya kiritishga kelishib olindi. Shuningdek, “Oqdaryo Oltin Tola” MChJ vakillari va jahonga mashhur “Xiamen Jianfa Group LLC” kompaniyasi bilan paxtani chuqur qayta ishlash texnologiyalari olib kelish uchun 7 million dollarlik, “Saint Baroque LLC” va mahalliy “Ulug Siymo Group” MChJ o‘rtasida gulqog‘oz ishlab chiqarish bo‘yicha 6,5 mln dollarlik anglashuv memorandumi imzolandi. Elektr payvandlash uskunalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan  “Weihai Innovate Intellijent Equipment Co LTD” korxonasi bilan 2,5 million dollar mablag‘ kiritishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, shaharda qurilayotgan yirik sanoat parkida infratuzilma qurilishi, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, innovatsion ishlab chiqarish yuzasidan fikr almashildi. Mazkur sanoat parki bilan hamkorlikda Nurobod tumanida “Xinjiang Urumqi New Vision Development Co., Ltd” kompaniyasi tomonidan “Nurobod texnoparki”ni tashkil etish rejalashtirilyapti.

Jinan shahridagi sanoat ko‘rgazmasi ham viloyatimiz delegatsiyasi uchun manfaatli bo‘ldi, deyish mumkin. Ko‘rgazmada hududda ishlab chiqarilayotgan yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, yo‘l qurilish texnikalari hamda zamonaviy IT texnologiyalari bilan tanishilib, viloyatimizda hamkorlikda yangi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama etildi.

Shandun kichik va o‘rta korxonalarining viloyatimiz tadbirkorlari bilan hamkorlik forumida xitoylik ishbilarmonlar uchun investitsiya salohiyatimiz haqida ma’lumot berilib, taqdimotlar qilindi.

Forum yakunida ikki tomonlama manfaatli loyihalarni amalga oshirish doirasida V2V uchrashuv tashkil etilib, o‘zbek va xitoy tadbirkorlari o‘rtasida muzokaralar olib borildi. Muhimi, provinsiyadagi tadbirkorlar bilan savdoni rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish yuzasidan aloqa o‘rnatish maqsadida viloyatimizning vakolatxonasini tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Darvoqe, Shandun provinsiyasi Zibo shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazmada qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, kimyo, farmatsevtika, elektrotexnika kabi yo‘nalishlarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan tanishgan viloyatimiz delegatsiyasi xitoylik tadbirkorlar hamkorlik aloqalarini o‘rnatish hamda birgalikda investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi.

Shahardagi “Yu Sheng Group” kompaniyasiga borib, korxona faoliyati, texnologik jarayon va ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlari bilan tanishildi. Ushbu kompaniya keramik plita va fasad mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha Shandun provinsiyasidagi eng yirik ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi.

Korxona rahbariyati bilan uchrashuvda viloyatimizda mavjud tabiiy resurslar, jumladan, kaolin xomashyosi zaxiralari haqida ma’lumot berilib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish taklif etildi. O‘z navbatida Xitoy korxonasi ham hamkorlikka qiziqish bildirib, iyun-iyul oylarida viloyatimizga kelishi va hamkorlik takliflarini batafsil o‘rganib chiqishga kelishib olindi.

Yo.MARQAYeV tayyorladi.