21-25 noyabr kunlari Ostonada O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan

Bu haqda Turkiy davlatlar tashkiloti matbuot markazida o‘tkazilgan brifingda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ma’lum qildi.

- Bugungi kunda Tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlar bilan ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik munosabatlari faol rivojlanib bormoqda, – dedi O.Nazarbekov. - Xususan, Qozog‘iston Respublikasi bilan ikki mamlakat hududida madaniyat kunlarini o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan. Joriy yilning 21-25 noyabr kunlari Ostona shahrida “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ni tashkil etish rejalashtirilmoqda.

2023 yilda esa O‘zbekistonda “Qirg‘iziston madaniyati kunlari”ni, Qirg‘izistonda esa “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ni tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Turkmaniston bilan aloqalarimiz yildan-yilga rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etish o‘rinli. Mazkur hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida shu yilning 16-17 noyabr kunlari Turkmanistonning Tashovuz shahrida o‘zbek va turkman xalqlari do‘stligi festivalini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Yaqinda Turkiyaning Bursa shahrida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY xalqaro tashkilotiga a’zo davlatlar madaniyat vazirlarining 39-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ana shu yig‘ilishda turkiy davlatlar madaniyat sohasi istiqboli uchun juda muhim qarorlar qabul qilindi.

Sammit doirasida Madaniyat vazirligi tomonidan 6 ta madaniy tadbir tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ularda 300 nafarga yaqin mahalliy va 70 nafardan ortiq xorijiy san’atkorlar jalb etilmoqda. Turkiy davlatlar tashkilotining a’zo va kuzatuvchi davlatlaridan folklor jamoalarining ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.