Shavkat Mirziyoyev Ostonada «muloqot forumi»da nutq so‘zlaydi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-14 oktyabr kunlari Ostonada o‘tkaziladigan xalqaro sammitlarda ishtirok etadi.
Ulardan biri, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti — mintaqa mamlakatlari o‘rtasida «muloqot forumi» sifatida tanilgan. Uning asosiy maqsadi — Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, giyohvandlik vositalarining noqonuniy ishlab chiqarilishi va aylanishiga qarshi kurashish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
Kimlar qatnashmoqda?
Bu sammit — Osiyo mintaqasining deyarli barcha davlat yoki hukumat rahbarlari ishtirok etayotgani inobatga olinsa, xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha noyob muloqot maydoni ekanini anglash mumkin.
Bugunga qadar 51 ta delegatsiya rahbarlari sammitda ishtirok etishini tasdiqlagan. Ularning 12 nafari davlat rahbarlaridir. Xususan, O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Iroq, Eron, Qatar, Falastin kabi mamlakatlar prezidentlari sammitda qatnashadi. Markaziy Osiyo mintaqasidan esa faqatgina Afg‘oniston ishtirok etmayapti.