Odamlar – imkoniyatning katta manbai

Bu – 2001 yilning dekabrida Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi majlislar zalida o‘sha vaqtda viloyat hokimi bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev tomonidan aytilgan gap.
O‘shanda muntazam qabullarning birida maktab direktori sport maydonchalari atrofi o‘ralmagani, odamlar bu yerda ba’zan mol boqayotganligi, maktabda esa mablag‘ yo‘qligi yuzasidan shikoyat qildi. Shunda hokim maktab atrofidagi fermerlar uyushmasi raisini turg‘azdi.
- Necha gektar g‘alla ekkansiz?
- 300 gektar.
- Juda yaxshi. Nuri bilan mineral o‘g‘itni yaxshilab bersangiz, hosildorlik kamida 5 sentnerga oshadi. 3 sentnerdan keladigan daromadni alohida sotib, maktabdagi muammoni hal qilish mumkinmi?
Sh.Mirziyoyev shunday deb, raqamlarni aniq hisoblab, natijasini aytdi. Rais rozi bo‘ldi. So‘ng hokim zalga murojaat qildi:
- Og‘aynilar! Hayot qanchalik murakkab bo‘lmasin, muammoni o‘zimiz yaratamiz. Aslida, odamlarning o‘zi, ishimiz, iqtidorimiz, niyatimiz imkoniyatning eng katta manbai. Hafsala bilan ishtiyoq kerak. Tashkilot rahbarlari hokim yordamida bir-biri bilan bo‘ladigan munosabatlarni har kun aniqlab, hisob-kitob qilib borishi kerak. Binobarin, xalqimizning qo‘lidan kelmaydigan ish yo‘q.
Yon daftarimdagi ushbu yozuvlarni qayta o‘qirkanman, Shavkat Miromonovichning Samarqand viloyatiga rahbarlik qilgan paytida bizga bergan saboqlarini esladim. Bu saboqlar hammamiz biladigan holat, hammamiz har kuni duch keladigan voqealar. Faqat biz e’tibor bermaganmiz, «menga nima» qabilida ish tutganmiz. Hokimning eng katta xizmati ishga kirishganining birinchi kunidanoq barchamizni bosh qo‘shishga, muammolarni birgalikda hal qilishga da’vat qilgani bo‘ldi. Taklif etgan har bir loyihasida jamoa bo‘lib ishlash g‘oyasi mujassam edi.
Masalan, yillar davomida temiryo‘l yoki katta avtomagistral yoqalarida bo‘sh yotgan binolarni bitta boyvachchaga emas, balki ikki-uch nafar ishbilarmonga berish takliflarini kiritdi. Va, bu tajriba o‘zini oqladi.
“Odamlarga ishonmoq va suyanmoq ularning sadoqatini oshiradi”
Ana shu shior bilan ishlagan rahbar deyarli har kuni o‘nlab jamoaga borar hamda u yerdagi muammolarni o‘rganib, avvalo, o‘sha yerdagi xodimlar, mutaxassislar bilan masalaga yechim topishga harakat qilardi.
Ana shunday suhbatlarning birida Kattaqo‘rg‘onda bir paytlari nom qozongan, keyin esa inqirozga uchragan chorvachilik majmuasi tahlil qilindi. Qariyb 5 gektar maydonda majmuadan chiqarilgan mahalliy o‘g‘it maxsus hovuzda chirib yotibdi. Lekin bu bilan hech kimning ishi yo‘q, barcha majmua ichida qolgan to‘rt bosh molni o‘g‘irlash bilan ovora. Ana shunday vaziyatda hokim bu yerdagi organik o‘g‘itni barcha tumanlarga tashib ketishni uyushtirdi. Sharbat bilan sug‘orish orqali bir yilda g‘alla va paxta hosildorligi anchagina oshdi.
Odamlarga, faollarga suyanib ish tutganligi sababli shikoyatlardan ko‘ra, takliflar ko‘paya boshladi. Jumladan, Jom qishlog‘ida maktabning qo‘shimcha binosi, sel urib ketgan ko‘prik qisqa muddatda tiklandi. Qishloq faoli Eshturdi akaning tashabbusi bilan qishloq ahli yoppasiga hasharga chiqdi. Qurilish materiallari va mutaxassislarni hokim uyushtirib berdi. Bunday xayrli ishlar deyarli barcha tumanlarda amalga oshirildi. Yashirmayman, Paxtachida o‘zim o‘qigan maktab eski binosi bahordagi yog‘ingarchiliklar sababli qulab tushganida xuddi shu usulni qo‘lladik. Hokim mablag‘ning yarmini topib berdi, yarmi esa xo‘jalik raisi Fotima To‘xtapo‘latova tashabbusi bilan tashkil etildi va bino ta’mirdan chiqarildi.
“Qalovini topsang, qor ham yonadi”
Bu o‘zbek xalq maqolini Shavkat Mirziyoyev qaysi jamoaga bormasin, albatta takrorlardi, chunki o‘zi shunga amal qilardi. Barcha rahbar va mutaxassislarni har bir muammo sababini o‘rganishga, uning yechimi haqida turli variantlarni o‘ylab ko‘rishga da’vat qilardi.
Misol uchun, o‘sha paytda qishloq xo‘jalik texnikalari abgor holatda edi. Ayniqsa, shudgor va o‘rim-yig‘imda lemix va ballonlar yetishmasdi, uni xarid qilishga pul yo‘q. Ana shu nozik paytda mutaxassislar jalb qilindi va xorijdagi zavodlar bilan shartnoma tuzilib, g‘alla va paxta hosilining bir qismi ularga sotildi va o‘rniga kerakli ehtiyot qismlar olib kelindi. Narpaylik tajribali dehqon Zaynab Haydarova o‘sha paytda, qiynalgan chog‘ida bitta iltimosi bilan traktorga oltita ballon kelgani va qisqa muddatda g‘alla hosilini yig‘ishtirib, ballonning pulini to‘lab berganini haligacha eslab turadi. Bunday yaxshi xotiralarni o‘sha davrda ishlagan har bir xo‘jalik raisi ayta oladi.
Shavkat Miromonovichning biz uchun bergan katta saboqlaridan biri – bu nuroniylar hamda yoshlarga bo‘lgan hurmati edi. Fidoyi ziyoli Hasan Normurodovni doimo yonida olib yurishi, u kishidan maslahat so‘rashi boshqa qariyalarimizga ham kuch bag‘ishlardi. Pensiyadagi mutaxassislarni to‘plab, har bir soha bo‘yicha jamoatchilik maslahat kengashlari tashkil etilishi rahbarlar mas’uliyatini oshirish, muhimi, muammolarga yechim topishda juda katta samara berdi.
Hozir Samarqand shahrini bezab turgan Yoshlar markazi deyarli hashar yo‘li bilan qurildi. Albatta, yirik korxonalar katta ko‘mak berdi. Chunki o‘sha davrda kundan-kun soni ortib borayotgan yosh avlodni to‘g‘ri yo‘lga solish zarur edi. Buning uchun har bir tumanda yoshlar uchun ma’naviyat xonalari, sport maydonchalari tashkil etildi, muntazam musobaqalar o‘tkazildi.
Sh.Mirziyoyevning bizga bergan yana bir sabog‘i – bu bugunga qadar yuragimizga, vujudimizga kuch-quvvat berib kelayotgan xalqimizning barcha xislatlarini namoyon qilayotgan tushunchadir: «Samarali ish uslubini chetdan o‘rganishimiz mumkin, lekin xalqimizning aqlu zakovatiga, iqtidoriga va ishbilarmonligiga tayanishimiz kerak», derdi u kishi. Pirovardida shunday bo‘ldi ham. O‘nlab sohalarda Samarqand tajribalari paydo bo‘ldi.
Nokamtarlik bo‘lsa-da, viloyat hokimining matbuotga bo‘lgan munosabatini aytib o‘tmog‘im zarur. Bor-yo‘g‘i 2-3 ming nusxada chop etilayotgan viloyat gazetalari adadi u kishining yordami bilan 20-25 ming nusxaga chiqdi. Muassis sifatida gazetamizning har bir sonida tahliliy maqola va tanqidlar chiqishini so‘rardi. Har bir anjumanda xatoga yo‘l qo‘ygan, mas’uliyatsiz rahbarlarga “Gazeta orqali hamma qilmishingni xalqqa oshkor qilamiz», deb dashnom berardi. Mening STV teleradiokompaniyasida haftada ikki marta ikki soatdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borishimni ma’qullar va xalqqa doimo bor gapni aytib turishimni tayinlardi.
Albatta, o‘sha davrda viloyat hokimi bergan saboqlarni aytaversak, gap ko‘p. Ko‘chalarning obod bo‘lib qolgani, ishlayotgan, mashaqqat chekkan kishilarning rag‘batlantirilishi – hamma-hammasi odamlarning hokim atrofida jipslashgani va katta ishtiyoqidan dalolat edi.
Biz bugun ham hurmatli Prezidentimizni o‘sha salohiyatda, siymoda ko‘rib turibmiz. Faqat bugun u kishi jahon hamjamiyatiga ibrat bo‘lmoqda va saboq bermoqda. Bu saboqlarning mohiyatida O‘zbekiston xalqining manfaati turibdi. Binobarin, Bosh vazir bo‘lib ishlagan chog‘ida ham, Prezidentlikka kirishganida ham biz u kishidan ana shunday saboqlar bo‘lishiga ishonganmiz. Negaki, qalbi pok, xalqini sevgan, yurtiga sadoqatli o‘g‘lon ana shunday yo‘l tutadi.
Men bugun davlatimiz rahbarining xalqaro nufuzi xususida alohida to‘xtalib o‘tirmoqchi emasman. Negaki, biz kundalik o‘zgarishlar, evrilishlar davrida O‘zbekiston nechog‘li shiddat bilan rivojlanayotganini, uning rahbari salohiyati xalqaro hamjamiyatda ortib borayotganligini ko‘rib, bilib turibmiz.
Fariduddin Attorning «Tazkirat ul-avliyo» kitobida yozilishicha, hazrati Dovud Toyi ro‘za paytida oftobda o‘tirgan ekan. Shunda onasi «Bolam, ro‘za payti, issiq yomon ta’sir qiladi, soyada o‘tirsang bo‘lardi», degan. U esa «Eh, onajon, men bu yerga oftob tushmasidan avval kelib o‘tirgan edim. Oftob keyin tushdi. Endi nafsim maslahati va manfaati uchun soyaga o‘tishga Allohdan qo‘rqaman», deb javob bergan ekan.
Bizning Prezident har qanday holatda ham O‘zbekiston xalqi, shu Vatan uchun xizmat qilishga hayotini bag‘ishlagan va bu yo‘ldan qaytmaydi.
Farmon TOShEV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.