“Meva-sabzavotga ajratilgan 1,5 trillion so‘m kredit resurslarining 670 milliard so‘mi o‘zlashtirilgan”: Oziq-ovqat yo‘nalishida bajarilmagan loyihalar tanqid qilindi
Prezident rahbarligida o‘tayotgan yig‘ilishda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining mavsumiy o‘zgarishi yuqoriligi ko‘rsatib o‘tildi. Sababi - qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan 50 ta tumanda muzlatkich, quritish, saralash va saqlash quvvatlari yetishmaydi.
Shu munosabat bilan viloyat hokimlariga Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda 50 ta tumanda saqlash quvvatlarini keskin oshirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilish topshirildi.
“Buning mablag‘lari bor. Lekin, birorta hokim o‘zida qancha mahsulot saqlash quvvati borligini ham, bor mablag‘larni ishlatishni ham bilmaydi”, dedi Prezident.
Joriy yilda meva-sabzavotga ajratilgan 1,5 trillion so‘m kredit resurslarining 670 milliard so‘mi o‘zlashtirilgani ham qayd etildi.
Hokimlar o‘zlarining takliflarida faqat amalga oshiriladigan yangi loyihalar, ular hisobiga olinadigan mahsulot hajmini ko‘rsatayotgani, bu aholining ta’minotiga qanday ta’sir qiladi, yil yakunigacha narx-navo nima bo‘ladi, degan savollarga javob yo‘qligi tanqid qilindi.
Viloyat hokimlariga o‘n kun muddatda import bo‘layotgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zimizda ko‘paytirish bo‘yicha aniq tadbirkor va aniq loyihalarni ko‘rsatib, har bir mahsulot kesimida hozir qancha va bir yil ichida qanchaga ko‘paytirishi bo‘yicha aniq reja va hisob-kitoblarni taqdim etish topshirildi.