Oziq-ovqat xavfsizligi: Uning mohiyati nimada?

Rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar oziq-ovqat yetishtirish borasida olib borayotgan samarali faoliyatga qaramasdan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining o‘sishi aholi soni o‘sishidan orqada qolmoqda, bu esa qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun yetarli sharoit mavjud bo‘lmagan mamlakatlarda muammo tobora chuqurlashib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Yer yuzida aholi sonining o‘sishi, iqtisodiy tangliklar, global iqlim sharoitining o‘zgarishi va boshqa omillar sababli insoniyatning oziq-ovqat mahsulotlariga talabini qondirish tobora qiyinlashmoqda.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hamda Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda dunyoda 840 million dan ortiq kishi, ya’ni deyarli har 8 odamning biri to‘yib ovqatlanmayapti.

Eng so‘nggi tadqiqotlar esa sayyora aholisining 30 foizidan ziyodi to‘yib ovqatlanmaslik oqibatida eng asosiy mikroelement va vitaminlar yetishmasligi muammosidan aziyat chekayotganligini, 52 mamlakatda ochlikning «jiddiy», «xavotirli» va «favqulodda jiddiy» darajalari qayd etilganini ko‘rsatmoqda.

Buning oqibatida dunyodagi 160 milliondan ortiq bolada bo‘y o‘sishi, jismoniy va intellektual rivojlanish bilan bog‘liq jiddiy kamchiliklar kuzatilmoqda. Keyingi uch yilda esa ushbu ko‘rsatkichlarning salbiy tomonga o‘zgarayotgani qayd etilmoqda. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida juda katta yutuqlar qo‘lga kiritildi, jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ishlab chiqarish hajmi ikki barobar ortdi.

Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy holatini barqaror rivojlantirish, fuqarolarning sog‘lig‘i va hayotini yaxshilash, mamlakat mustaqilligini barqaror saqlashning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Mazkur yo‘nalishda respublikamizda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha strategik jihatdan maqsadli hamda izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda yiliga 20 million tonnadan ortiq meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiriladi. So‘nggi yillarda 800 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash sig‘imlariga ega bo‘lindi. Biroq bu endilikda ehtiyojimizga kamlik qiladi. Agar ishlab chiqargan mahsulotlarni saqlash kamida 10 foizga yetkazilsa, xalqimizni yil davomida bir maromdagi narxlarbop oziq-ovqat bilan ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Oziq-ovqat xavfsizligini hal etishda bir qator qiyinchiliklar mavjudligiga qaramay, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ham miqdor, ham sifat jihatdan muntazam oshirib borish va shu orqali oziq-ovqat ta’minotini mustahkamlash borasida salmoqli natijalar qo‘lga kiritilmoqda.

Xususan, 2023 yilda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish maqsadida 4 million gektar (+358 ming gektar), shundan 2,5 million gektar asosiy, 214 ming gektar bog‘-tok qator orasi, 424 ming gektar lalmi va 903 ming gektar takroriy maydonlarda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish belgilangan.

Mazkur maydonlardan 8,1 million tonna boshoqli don, 528 ming tonna sholi, 579 ming tonna dukkakli, 345 ming tonna moyli o‘simliklar, 12,2 million tn sabzavot, 2,5 million tonna poliz, 4,1 million tonna kartoshka, 3,1 million tonna meva va 2 million tn uzum yetishtirilishi prognoz qilindi.

Shuningdek, hududlarda dala chetlariga 71 ming fermer xo‘jaliklari tomonidan jami 59 ming gektar, shundan 35 ming gektar 121 million dona tut, tok, terak, mevali ko‘chatlar hamda 24 mingga gektar poliz, sabzavot va boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish ishlari yakunlandi.

Chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar natijasida yil yakuniga qadar qoramollar soni 14,4 million boshga, qo‘y-echkilar 24,3 million boshga yetkazilib, 2,9 million tonna go‘sht (tirik vaznda), 12,2 million tonna sut, 9 milliard dona tuxum, 650 ming tonna baliq va 31 ming tonna asal ishlab chiqarish prognoz qilingan.

Joriy yilning yanvar-may oylarida qoramollar soni 13,5 million boshga, qo‘y-echkilar 23,2 million boshga (103 foiz) va parrandalar bosh soni 89 million boshga (102,6 foiz) yetkazildi, 946 ming tonna (104,1 foiz) go‘sht (tirik vaznda), 3,7 million tonna (104 foiz) sut, 20 ming tonna baliq va 2,4 milliard dona (104 foiz) tuxum yetishtirildi.

Oziq-ovqat sanoati bo‘yicha: respublikada oziq-ovqat sanoatida

22 mingdan ortiq turli mulkchilik shaklidagi (1404 ta meva-sabzavotni qayta ishlash, 1069 ta go‘sht, 1607 ta sutni qayta ishlash va 18300 tadan ortiq boshqa) oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mazkur korxonalar bilan 2023 yilda jami 75,5 trillion so‘mlik (o‘tgan yilga nisbatan 116,2 foiz) oziq-ovqat sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish belgilab olindi.

Mamlakatimiz o‘zining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bilan birga, meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish orqali xorijiy davlatlarning oziq-ovqat ta’minotiga munosib hissa qo‘shayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda. Jumladan, BMT “Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)”ning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida “Ming yillik rivojlanish maqsadlari”ga erishgani uchun maxsus mukofotiga sazovor bo‘lgan dunyodagi

14 ta davlatning biri sifatida mamlakatimizning e’tirof etilgani bu boradagi islohotlarga berilgan munosib baho bo‘ldi.

Xalqaro oziq-ovqat siyosati ilmiy-tadqiqot instituti hisobotlarida ham yurtimizda keyingi yillarda bu borada e’tirofga sazovor ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Oziq-ovqat xavfsizligi masalasida so‘z borganida, oziq-ovqat bozori barqarorligiga tahdidlarni o‘z vaqtida bartaraf etish, oziq-ovqat tovarlari importini qulay bojxona-tarif tartibiga solish bo‘yicha choralarni belgilash maqsadida ishlab chiqilgan «2019-2024 yillarda mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash Milliy dasturi» ham aynan shu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Mazkur yo‘nalishda respublikamizda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha strategik jihatdan maqsadli hamda izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida ayrim muammolar saqlanib qolmoqda.

Muammolarni bartaraf etish hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash darajasini oshirish, aholining faol va sog‘lom hayoti uchun zarur bo‘lgan yetarli miqdordagi xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari uchun jismoniy va iqtisodiy imkoniyatga ega bo‘lishi, mahsulotlarning sifatini yaxshilash, narxlar barqarorligini ta’minlash uchun quyidagi tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq:

- respublikaning barcha hududlari darajasida belgilangan maqsadli mezonlarni bajarishni ta’minlovchi agrosanoat majmuasini barqaror rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashni tartibga solish va boshqarish tizimini joriy qilish;

- oziq-ovqat xavfsizligini aniqlash, baholash va kutilishi mumkin bo‘lgan xavfni oldindan bilish tizimini joriy qilish;

- qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashga yo‘naltirilgan korxonalar tarmog‘ini kengaytirish;

- meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashga ixtisoslashgan sovutish kameralari, ularni saralash va qadoqlash punktlari hamda tashish bilan shug‘ullanuvchi maxsus transport-kommunikatsiya tarmog‘ini kengaytirish;

- qayta ishlash sanoatining material va energiya sig‘imini pasaytirish, resurs tejovchi kam chiqimli texnologiyalarga ustuvorlik berish;

- qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar va suv resurslaridan oqilona foydalanish;

- asosiy turdagi qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlari, xom ashyoni ichki ishlab chiqarishni barqaror rivojlantirish;

- chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik sohasini barqaror rivojlantirish, mahsulot ishlab chiqarish xajmlarini ko‘paytirish, ozuqa bazasini mustahkamlash;

- qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilash;

- oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash;

- aholining barcha qatlamlari oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishi uchun iqtisodiy imkoniyatlarini oshirish;

- meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va bir vaqtning o‘zida qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi ishlab chiqarish majmualari, xoldinglar, klasterlar va ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari faoliyatini kengaytirish;

- qishloq joylarda meva-sabzavot va uzumni qayta ishlovchi korxonalar uchun zarur bo‘lgan infratuzilmalar, birinchi navbatda, yo‘llar, gaz, elektr va suv ta’minoti hamda boshqa injenerlik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan uzluksiz ta’minlashni yo‘lga qo‘yish va boshqalar.

Mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligiga erishish qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va savdo tarmog‘ida strategiya va dasturlarning ijrosiga bog‘liqligini hisobga olgan holda soha va tarmoqlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish lozim.

R.Siddiqov, 

Oliy Majlisi Senati, Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari.