Xizmat yoki mahsulotga navbatda turish qachon va qanday barham topadi?

Navbat nima uchun yuzaga keladi, buning sabablari, oqibatlari qanday bo‘ladi, degan savol bugun jamiyatimizga raqamli iqtisodiyotning kirib kelishiga qaramasdan, o‘ta dolzarb masalalardan biriga aylandi.
Masalan, tig‘izlik yuzaga kelishining bir qancha sabablari bor. Avvalo, biror narsaga talab taklifga nisbatan yuqori bo‘lganda navbat yuzaga keladi. Ya’ni, biror narsani xarid qiluvchi odamlar sonining ko‘pligi, lekin xizmat ko‘rsatadigan sotuvchining soni talab darajasida emasligi navbatlar ko‘lamini oshiradi. Mahsulotning talabga yarasha yetarli bo‘lmasligi ham tig‘izlikni yuzaga keltiradi. Bunday holatlar bozorlar, davlat xizmatlari markazlarida, shifoxonalarda va aholiga xizmat ko‘rsatuvchi boshqa tashkilotlarda uchramoqda.
Xizmat ko‘rsatish sifatining pastligi ham navbatlarni oshirishi mumkin. Ayrim xizmat turlari borki, ularni tez amalga oshirib bo‘lmaydi. Chunki uni bajarish uchun ma’lum bir vaqt talab etiladi. Bunday sharoitda mijozlar soniga qarab, xodimlar sonini belgilash lozim.
Ayrim idoralarda tashkilotchilikning yetarli emasligi navbatning sun’iy ortishini kuchaytiradi. Ba’zi idoralarda navbatlar nazorat qilinmaydi, elektron yoki raqamli tizimlardan foydalanilmaydi. Vaqtdan qimmat narsa yo‘q. Shuning uchun odamlarning vaqtini o‘g‘irlamaslik kerak.
Yana bir sabab, do‘konlarda talabga mos resurslar cheklangan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Masalan, oziq-ovqat mahsulotlarining turlari yetishmaydi yoki muayyan tovarlar importiga cheklovlar qo‘yilgan bo‘lishi mumkin. Jumladan, meva-chevalarga yil davomida ehtiyoj bor. Ammo bularni yetishtirish mavsumiy xarakterga ega. Zaxiralar yilning ma’lum davriga borib tugab qoladi.
Bugun zamonaviy mahsulotlar - smartfon, avtomobil, uy-joyga talab yuqori. Uy-joy xarid qilish uchun beriladigan imtiyozlar, subsidiyalar uchun ham navbatlar mavjud. Shuning uchun odamlar navbatlarda vaqtini yo‘qotmaslik uchun tanish-bilishlarini ishga solishga harakat qilyapti. Buning oqibatida korrupsiyaviy holatlarga yo‘l ochilmoqda. Achinarlisi, bir-ikki kishi shu yo‘lni tutsa, boshqa odamlarda ham shunga moyillik kuchaymoqda.
Odatda, vaqtning yo‘qotilishi odamlarni boshqa ishlardan qoldiradi. Shu tariqa soatlab yo‘qotilgan vaqt hisobiga ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari samaradorligi pasayib ketadi. Aholi o‘rtasida norozilik paydo bo‘ladi, asabiylashadi. Shu tariqa jamiyatda nosog‘lom muhit shakllanadi, ijtimoiy tengsizlik yuzaga keladi.
Shuningdek, iqtisodiy yo‘qotishlar sodir bo‘ladi. Korxonalar yoki xizmat ko‘rsatish tashkilotlari mijozlarini yo‘qotadi. Mahsulot ishlab chiqarish aylanmasi sekinlashadi.
Navbatlarning ijobiy jihatlari ham borki, bunda asosan ishlab chiqaruvchilarda, xizmat ko‘rsatuvchilarda talabni baholash imkoni tug‘iladi. Ya’ni, qaysi xizmat yoki mahsulotga talab yuqori ekanligini aniqlash mumkin. Bu tizimni yaxshilash uchun ishora sifatida ham baholanadi. Shu orqali davlat tashkilotlari, tadbirkorlar o‘z xizmat ko‘rsatish tizimini isloh qilish zarurligini tushunib yetadi.
Raqamlashtiriladigan sharoitda navbatlarni yumshatish uchun bir qancha yechimlar mavjud. Aksariyat korxona va tashkilotlarda elektron navbat tizimlari joriy qilinmoqda. Bu odamlarning ortiqcha vaqtini olmaydi. Asosiy xizmatlar inson omilisiz, masofadan turib hal qilinayotgani korrupsiyaga barham beradi, mummolarning tez va oson yechimiga sabab bo‘ladi. Muhimi, xizmatlarni raqamlashtirish resurslarni adolatli taqsimlash va yetkazib berish imkoniyatini kengaytiryapti.
Mamayunus Pardayev,
professor.