O‘simlik zararkunandalari sababli har yili qishloq xo‘jaligi ekinlarining 40 foizi yo‘qotishga uchramoqda

Bu haqda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning navbatdagi sessiyasida ma’lum qilindi. Unda aytilishicha, o‘simlik zararkunandalari oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy tahdid bo‘lib qolmoqda – uning ta’sirida har yili qishloq xo‘jaligi ekinlarining 40 foizi yo‘qotishga uchramoqda, bunda jahon savdosi 220 mlrd. dollar zarar ko‘rmoqda.

Iqlimning isishi natijasida zararkunandalarning yangi hududlarga kirib borishi ham ko‘paygan, bu ularni yo‘q qilish deyarli imkonsiz yoki qimmatga tushmoqda.

O‘tgan yili BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 12 may kunini Xalqaro o‘simliklar salomatligi kuni, deb e’lon qilindi. FAO tomonidan mahsulotlarga fitosanitariya sertifikatlarini elektron tarzda almashish imkonini beruvchi “E-Phyto” axborot tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda ushbu platformaga 116 davlat a’zo bo‘lib, undan faol foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda.

O‘simliklar himoyasi 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi asosiy maqsadlardan – qashshoqlik va ocharchilikni tugatish, tengsizlikni qisqartirishga xizmat qiladi.

Komissiya yig‘ilishida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari I.Ergashev so‘zga chiqib, respublikada o‘simliklar karantini va himoyasi borasida amalga oshirilayotgan jadal islohotlar, xususan, sohani raqamlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Joriy yil may oyining oxirida ilk bor O‘zbekistonda “E-Phyto” axborot tizimiga bag‘ishlangan xalqaro tadbirni tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Muzokaralarda mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda zarur fitosanitariya ruxsatlarini olish, ayrim o‘rnatilgan cheklovlarni bekor qilish, ilg‘or tajribalarni almashish va boshqa manfaatli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumot tariqasida qayd etish joizki, FAO Fitosanitariya choralari bo‘yicha komissiyasi O‘simliklar karantini va himoyasi xalqaro konvensiyasining asosiy boshqaruv organi bo‘lib, ushbu konvensiyaning maqsad va vazifalarini amalga oshirishga yordam beradi, shu jumladan, dunyoda o‘simliklarni himoya qilish holatini kuzatish, zararkunandalarning kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan harakatlarni muvofiqlashtirish hamda xalqaro standartlarni qabul qilish bo‘yicha global hamkorlikni ta’minlaydi.