Zarafshon daryosi havzasida barqaror suv boshqaruvi: Almatida mintaqaviy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi

Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (MAREM) va "Karitas Shveytsariya" kompaniyasi ko‘magida Qozog‘istonning Almati shahrida “Zarafshon daryosi havzasida iqlimga chidamli suv resurslarini kompleks boshqarish” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. 

Balxash–Alakol havzasi kengashining 41-yig‘ilishi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda mintaqaviy ekologik tashkilotlar, davlat idoralari va faol jamoat vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar suv resurslarini samarali va barqaror boshqarishda havza kengashlarining roli katta ekanini ta’kidladilar. Ularga ko‘ra, bu kengashlar tomonidan qabul qilingan tavsiyalar yuridik kuchga ega bo‘lishi va davlat organlari tomonidan inobatga olinishi zarur. Shu jihatdan tadbir Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarishda yangi bosqichni belgilab berdi.

- Zarafshon daryosi havzasi faqat O‘zbekiston emas, balki butun mintaqamiz uchun hayotiy ahamiyatga ega, - deydi ekolog-ekspert To‘raxon Hoshimov. - Havzaviy yondashuv suv resurslarini boshqarishda barqarorlik va hamkorlikni ta’minlaydi. Shu bois Zarafshon daryosi havzasidagi suv resurslari aholi, qishloq xo‘jaligi va sanoat ehtiyojlari o‘rtasida muvozanatli taqsimlanishi kerak. Sir emas, bugungi muammolardan biri — suv taqchilligi va iqlim o‘zgarishining ta’siri. Shuning uchun biz faqat texnik choralar bilan cheklanmasdan, ijtimoiy va iqtisodiy yondashuvni ham hisobga olishimiz zarur.

Uchrashuvda ishtirok etgan "Karitas Shveytsariya" kompaniyasining mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha koordinatori Marianna Keller ham Zarafshon havzasidagi tajriba mintaqaviy darajada muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi:

- Bizning maqsadimiz — faqat loyiha yaratish emas, balki mahalliy jamoalarni iqlim o‘zgarishiga moslashtirish. Zarafshon daryosi bo‘ylab suvni tejash texnologiyalarini tatbiq etish va suvni boshqarishda ayollar hamda yoshlar ishtirokiga keng yo‘l ochishni rejalashtirganmiz.

Muhokamalar davomida “iqlim-chidamli infratuzilma”, “suv hisobini raqamlashtirish”, “chegarabo‘yi hamkorlik” kabi dolzarb masalalar ham ko‘tarildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar Zarafshon daryosi havzasi kengashi faoliyatini kuchaytirish, uning tavsiyalarini huquqiy jihatdan mustahkamlash hamda hududiy hamkorlikni kengaytirish yuzasidan qator takliflarni ilgari surdilar.

Almatidagi bu uchrashuv Markaziy Osiyo davlatlari uchun suv resurslarini boshqarishda hamjihatlik va barqaror rivojlanish sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi. Zarafshon daryosi havzasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar esa kelgusida mintaqaviy hamkorlik modelini yaratishda asosiy namuna bo‘lishi kutilmoqda.