Sehringni sababi nimada sanam?

O‘zim ham shu zot vakilasi bo‘lsam-da, hayratlarimni izhor qilmoqqa, sen haqingda so‘z aytmoqqa jur’at etdim, Ayol! Bu gal ayol bo‘lib emas, sening mehring-u sehringga g‘arq shoir bo‘lib so‘zlamakka izn etgaysan.

Seni zaifa, ojiza deganlar ming bora haq! Bir og‘izgina so‘z zarbidan ko‘ngling chil-chil sinadi. Gulning shamolidan-da yiqilasan. Bitta mixni-da, qoqolmaysan, bitta danakni-da chaqolmaysan! Hatto o‘zing dunyoga keltirgan farzandni ovoz chiqarib koyiy olmaysan. Bosh ko‘tarib, bosh panohing — jufti haloling ko‘zlariga tik qaray olmaysan. Diling nozik, tiling nozik, qo‘ling nozik, yurar yo‘llaring nozik... G‘oyat nozikligingdan bir qoshiq suv bilan yutmoqni havas qiladilar. Shu nozikliging bilan tillarda afsona bo‘lgan juratlarga qanday imkon topasan, ayol?

Deydilarki, (Usoma ibn Munqiz "Ibratli kitob" XIII asr) dorga tortilayotgan o‘g‘li boshida yig‘layotgan 80 yoshli kampirning qurigan ko‘ksiga sut kelib, etaklari ho‘l bo‘lmish...

Deydilarki, ocharchilikdan odamlar birin-ketin qirilayotgan paytda o‘zining-da, sillasi qurigan ayol 11 yoshli kenjatoy qizalog‘iga siynasini tutmish. O‘zi kundan-kunga rangi sarg‘ayib borsa-da, qizalog‘ining rangi qizillashib borgan emish. Fidoyi onasi tufayli qizchaga ochlikning, o‘limning kuchi yetmagan.

Deydilarki, "Jiguli" avtomashinasi sho‘x o‘g‘lini bosganini ko‘rgan ona, jon hovrida mashinaning bir qanotini dast ko‘targan ekan.

Sehringning sababi nimada, sanam?

Ayol! Sen aytgan allada nima sehr borki, sen tebratgan beshikda Payg‘ambar o‘yg‘ongan, Sohibqiron o‘yg‘ongan, shohlar, shoirlar, daholar o‘yg‘ongan. Sen faqat o‘sib-ulg‘ayish, g‘oliblik, ezgulik tuyg‘ularini solasan qonga. Sening allangni eshitib, qish bag‘rida bahor o‘yg‘onadi. Kunduzgi tashvishlarga tob berolmay ketgan quyosh allang sehridan erib, qayta bosh ko‘targanini bilmay qoladi. Oy va yulduzlar o‘zlaridan jozibaliroq, go‘zalroq hilqatni — Ayolni ko‘rib tun ortiga chekinadilar.

Deydilarkim, Sohibqiron Amir Temur jangchilari nochor ahvolda qola boshlaydi, zaxiralar tugaydi. Jang maydonidan Bibixonimga xazinadagi oltinlardan berib yuborishini so‘rab chopar yo‘llaydi. Bibixonim Amir Temurga oltin o‘rniga ikki og‘iz so‘z bitilgan maktub yo‘llaydi: "Shohim, zaringiz tugagan bo‘lsa, siyosatingiz ham tugadimi?!".

Ey, Ayol, maktubingda qanday sehr bor edi? Sohibqironning imkonlarini o‘zidan ham ko‘proq bilgan senmiding? Sening ishonchingdan ko‘ngli tog‘ qadar yuksalishini bilarmiding?

Darhaqiqat, shu maktub Amir Temurga zarsiz ham g‘olib kelmoq yo‘lini topib berdi. Bu yo‘lni, bu kuchni sen kashf qilding, Ayol!

Sehringning sababi nimada, sanam?

Ishqingda shohlarni shohona, shoirlarni shoirona bo‘zlatding, so‘zlatding. Bo‘ylaringni, vaslingni temir kavushlar titilguncha izlatding. Sening vaslingga yetaman deb oddiy yigitlar Alpomish bo‘ldi, Farhod bo‘ldi, Majnun bo‘ldi, Go‘ro‘g‘li bo‘ldi, Rustami doston bo‘ldi. Sening ishqing ko‘ngilga tushmaganda ularning jasoratlari ham tilga tushmasdi. Ular seni deb botir bo‘ldilar, seni izlay-izlay senga munosib bo‘ldilar. Sening ishqing Alisher degan yigitni Navoiy nomli buyuk dahoga aylantirdiki, “Ko‘rgali husningni zoru mubtalo bo‘ldim sengo. Ne balolig‘ kun edikim, oshno bo‘ldim sengo. Har necha dedimki, kun-kundin uzay sendin ko‘ngil, Vahki, kun-kundin batarrak oshno bo‘ldim sengo”, deb go‘zal nolalar chekdi ul.

Seni deb Samad Vurg‘un: “Agar sendan tonar bo‘lsam, nasibam ohu zor o‘lsin. Bahorim qishga aylansin, chechaksiz bir diyor o‘lsin. Chamanzorim, bog‘im, bog‘cham to‘kilsin, bari xor o‘lsin. Mozorim o‘t olib yonsin, bu ishqim oshkor o‘lsin!”, deb qasam ichdi.

Necha erkak zotini kuyingda majnun, gado, devona, shoir qilasan? Istasang vasling dunyosida shoh aylaysan.

Sehringning sababi nimada, sanam?

Er - yarim pir, deb egilasan. Uning chap qovurg‘asidan yaralganingga shukronalar aytasan. Alpim deysan, mardim deysan, shohim deysan, egam deysan. Egila turib, sig‘ina turib, o‘zing bil¬may, o‘ziga bildirmay mehru ishqing quliga aylantirasan.

Sening ko‘ksingga bosh urmay turib, go‘dak raso yigit bo‘lolmaydi. Sening belingdan quchmay turib, yigit bahodirga aylanmaydi. Sening tizzangga bosh qo‘ymay turib, daholar daho bo‘lolmaydi. Sening oyog‘ingga bosh urmay turib erkak yuksaklikka ko‘tarilmaydi. Sening bag‘ringdan ojizlar kuch oladi. Chaqaloqlar ulg‘ayadi. Sen borki, ro‘zg‘orlar obod, bog‘lar gulga, mevaga to‘la, ko‘ngillar shod.

Sen borki, uyga mehmonlar keladi, to‘ylar-to‘ylarga, kuylar-kuylarga ulanadi. Ko‘chadan uyga farzandlar "onam qani?" deb, otalar "onang qani?" deb so‘rab kirishadi.

Sen hayotning muvozanatisan, Ayol!

G‘azablarni yumshatasan, azoblarni yengillatasan, tezoblarni sekinlatasan. Mazali taomlar pishirasan, bitmas ishlarni bitirasan, yirtiq kiyimlarni yamaysan, darz ketgan ko‘ngillarni yamaysan. Shirin qizaloq bo‘lib bog‘larni to‘ldirasan. Nozli kelinchak bo‘lib, ko‘ngillarni to‘ldirasan. Jismingda go‘dak ulgayadi. O‘lim va hayot yonma-yon turgan chohga tushib, qo‘llaringda farzand ko‘tarib, omon chiqasan.

Siz aytgan allada gul isi bormi,

Tong isi, oy isi, dil isi bormi?

G‘olib safarlarga ketgay bolangiz,

Quyosh isi bormi, yo‘l isi bormi?

Xosiyat BOBOMURODOVA,

O‘zbekiston xalq shoiri.