Erta ulg‘aygan bolalar

Tungi soat birlar atrofida montajchi hamkasbim bilan studiyadan ko‘chaga chiqdik. Urganch shahri uyquda, havo ancha sovuq. Yo‘l chetidagi mashina ta’mirlash ustaxonasiga ko‘zim tushdi.

Ko‘targichda turgan mashina tagida 15 yoshlar atrofidagi yigitcha, qo‘lida kalit bilan moyga botib, bor kuchi bilan nimanidir burashga urinardi. Tepasida mashina egasi - 40 yoshlardagi kishi unga buyruq ohangida, qo‘pol so‘zlar bilan nimalardir deb tanbeh beryapti. Tashqaridan qaragan odamda: “Nega bu bola bu yerda? Nima uchun issiq uyi, ota-onasi bag‘rida emas?” degan savol uyg‘onishi tabiiy...

Hayot darsxonasi kitobdagidek bo‘lmas ekan. Har bir bola ota-ona bag‘rida, beg‘am yashashi kerak, deb o‘ylaymiz. Ammo turmush barcha uchun bir xil kechmas ekan. Ba’zi bolalar bor, yoshligidan oila yukini, ro‘zg‘or mas’uliyatini yelkasiga oladi. Biz ularni bechoraga chiqaramiz, baxtsizlikka yo‘yamiz. Ammo ular hayotning achchiq imtihonidan imtiyozli o‘tayotganlardir. Ular oila degan muqaddas qo‘rg‘onni saqlash uchun bolaligini qurbon qilganlardir.

E’tibor berganmisiz, bugungi dunyoni o‘zgartirayotgan milliarderlar, yirik kompaniya rahbarlari yoki o‘z sohasining haqiqiy ustalari bilan suhbatlashilsa, ularning bolaligi aynan mana shunday - qora mehnat bilan boshlanganiga guvoh bo‘lasiz. “Sizni nima kuchli qildi?” deyilsa, ular o‘yinchoqlarini emas, balki sovuq tunlardagi mehnatini, sabr-bardoshini, ota-onasiga yelkadosh bo‘lish uchun kechirgan mashaqqatlarini so‘zlab berishadi.

... O‘sha tunda ko‘rganim – qo‘li qora moy bolakay aslida o‘zining kelajagi uchun eng mustahkam poydevorni qo‘ymoqda. Mashina egasidan eshitayotgan qo‘pol so‘zlar ertaga uni hayotning kattaroq zarbalaridan asraydigan qalqonga aylanadi. U halol non topish, degan buyuk darsni o‘zlashtiryapti.

Indallosini aytganda, u bola - barvaqt ulg‘ayayotgan avlod. Uning bolaligi o‘g‘irlangan emas, balki kelajagiga sarmoya qilib tikildi. Muhimi, u mehnatning, vaqtning va ota-onaning qadrini boshqalardan erta anglaydi. Bu kabi holatdagi bolalarga ko‘zimiz tushgan payt ularga rahm-shafqat bilan emas, balki hurmat bilan qarashimiz kerak. Ular peshana teri bilan topgan nonini uyiga olib borar ekan, uning ta’mi dunyodagi eng buyuk lazzat bo‘ladi. Zero, pishiq g‘isht olovda toblanganidek, kuchli shaxslar hayotning mana shunday sinovlarida shakllanadi.

Gulrux MATChANOVA.