Nobel mukofoti sovrindorlari haqida kitob nashr etildi

Samarqand shahrida YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi munosabati bilan “Inson. Madaniyat. Tinchlik: Madaniyatni anglash va XXI asrda hayotni idrok etish borasida taniqli zamondoshlar bilan suhbatlar” nomli to‘rt jildli to‘plamning Nobel mukofoti sohiblariga bag‘ishlangan birinchi jildi taqdimoti o‘tkazildi.
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan birga viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari, Samarqand viloyati hokimligi mas’ullari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Univeritet huzuridagi “Inson. Madaniyat. Tinchlik” ilmiy-ma’rifiy markazi mas’ullari A.Ionesov va V.Ionesov tomonidan, universitet rektori, professor Yu.Abdullayev mas’ul muharrirligida tayyorlangan kitobda tinchlik madaniyati va fuqarolik diplomatiyasiga bag‘ishlangan mualliflik materiallari jamlangan bo‘lib, ular dunyoni o‘z ixtirolari, ilmiy kashfiyotlari bilan yaxshilik sari o‘zgartirgan zamonamizning yirik intellektual shaxslar bilan olib borilgan suhbatlar, yozishmalar, uchrashuvlar va fikr almashuvlar asosida shakllantirilgan.
– Mualliflar qariyb qirq yil davomida jahon miqyosida tan olingan fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarining yirik namoyandalari bilan doimiy muloqot va yozishmalarni amalga oshirgan, – deydi Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori Yusuf Abdullayev. – To‘plamning birinchi jildi mualliflarning 72 nafar Nobel mukofoti sovrindorlari bilan madaniyat mohiyati va XXI asr dunyosining qiyofasi haqida olib borgan suhbatlari hamda yozishmalarini o‘z ichiga oladi. Unda insoniyat sivilizatsiyasining barqarorligi va istiqboli bilan bog‘liq dolzarb masalalarga oid savollarga javoblar, zamonamizning yetuk intellektual va fikr yetakchilarining eksklyuziv kuzatuvlari, izoh va fikr-mulohazalari jamlangan. Kitobda keltirilgan original xatlar to‘plami o‘quvchiga fan va ta’lim olamining yetakchi arboblari bilan bevosita fikr almashish, ular bilan birgalikda tez o‘zgarayotgan dunyoda madaniyatning mazmuni va missiyasi haqida mushohada yuritish imkonini beradi.
Loyihaning bosh g‘oyasi shundaki, inson o‘zida bilim, ijodkorlik, axloq, insonparvarlik va erkin tafakkurga tayanar ekan, u o‘zgarayotgan dunyoning har qanday sinovlariga dosh bera oladi.
Taqdimotda mazkur nashr loyihasi YuNESKOning zamonaviy dunyodagi maqsad va missiyasini ilgari surish, shuningdek, Samarqandning dunyo shaharlari bilan madaniy hamkorlik va birodarlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida turli tanlov va grant loyihalarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari taqdirlandi.
“Samarqand barcha qit’alarda”, “O‘zbekiston va Rossiya madaniyatlari muloqotida Samarqand: meros va zamon”, shuningdek “Amerika Samarqandiyonasi” nomli tematik ko‘rgazmalar tashkil etildi.