Nobel mukofotini ololmaganlar: Donald Tramp yolg‘iz emas

Bu yilgi Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti kutilmaganda Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machadoga topshirildi. Holbuki, AQSh Prezidenti Donald Tramp o‘zini bu mukofot uchun asosiy da’vogar deb hisoblab, bir necha marta ochiqcha bayonot bergan edi.
Biroq Oslodagi Nobel qo‘mitasi butunlay boshqacha qaror qabul qildi.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, Donald Trampning “Olti oy ichida olti urushga chek qo‘ydim” degan bayonoti ancha bo‘rttirilgan bo‘lib, bu mojarolar aslida uning aralashuvisiz ham tugash arafasida bo‘lgan.
Shuningdek, u Yaqin Sharqdagi ziddiyatlarni hal etishda “yetarlicha jonbozlik ko‘rsata olmadi”. (Nobel qo‘mitasi qaror qabul qilayotgan paytda Qohiradagi muzokaralar hanuz davom etayotgan edi).
Uning “Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushni bir haftada tugataman” degan saylovoldi va’dasi ham bajarilmay qoldi.
Bundan tashqari, mukofotni taqdim etish arafasida Donald Tramp AQSh Mudofaa vazirligini “Urush vazirligi” deb qayta nomlash taklifini ilgari surgani ham Nobel qo‘mitasining qaroriga salbiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa ajab emas.
Shuningdek, u o‘z nomzodi haqida jamoatchilik oldida ko‘p bora gapirgani ham Nobel qo‘mitasi tomonidan bosim sifatida baholangan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Shu bilan birga, Tramp uchun hali hammasi tugamagan: u keyingi yillarda yana mukofotga da’vogarlik qilishi mumkin.
Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti — bu tinchlik, xalqaro hamkorlik va inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi eng nufuzli mukofot hisoblanadi. U Nobelning oltita mukofoti ichida eng bahslisi hamdir.
Har yili Norvegiya Nobel qo‘mitasi g‘olibni e’lon qilar ekan, jamoatchilik orasida katta munozaralar avj oladi. Ba’zan haqiqatan ham munosib nomzodlar chetda qolib ketadi.
Mukofotsiz qolgan buyuk shaxslar
Ular orasida eng mashhur nomzodlardan biri Mahatma Gandi hisoblanadi. U butun hayotini Hindistonning Britaniyadan mustaqilligi va kasta tizimiga qarshi zo‘ravonliksiz kurashga bag‘ishladi.
Gandi hatto Gitlerga xat yozib, uni Ikkinchi jahon urushini boshlashdan qaytarishga urinib ko‘rgan.
Shunga qaramay, u hech qachon Nobel mukofotini olmagan. Faqat vafotidan keyin Nobel qo‘mitasi uning xizmatlarini shunchaki e’tirof etgan, xolos.
Yana bir e’tiborli inson - Jan Mone bo‘lib, u haqli ravishda “Yevropaning otasi” deb atalgan islohotchidir. Garchi u ko‘hna qit’adagi turli mamlakatlarning iqtisodiy salohiyatini birlashtirgan Yevropa Ittifoqi g‘oyasini ilgari surgan bo‘lsa-da, biroq hech qachon Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilmadi.
Shuningdek, o‘z hayotini inson huquqlari va adolatni mustahkamlashga bag‘ishlagan AQShning birinchi xonimi Eleanora Ruzvelt ham ana shunday shaxslardan biridir. U olti marta nomzod bo‘lgan bo‘lsa-da, mukofotga loyiq ko‘rilmadi.
U Ikkinchi jahon urushi paytida Qizil Xoch qo‘mitasi faoliyatida qatnashdi, erining vafotidan so‘ng esa Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini tayyorlashda faol ishtirok etdi. U 1968 yilda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro mukofot bilan taqdirlandi, ammo Nobel mukofoti unga nasib etmadi.
2015 yilda Rim papasi Fransisk ham o‘zining global qashshoqlikka qarshi kurash siyosati bilan Tinchlik uchun Nobel mukofotiga asosiy nomzod sifatida ko‘rilgan edi. Biroq o‘sha yili mukofot Janubiy Osiyolik bola huquqlari himoyachilariga berildi.
Nobel qo‘mitasi tarixidagi eng hayratlanarli holatlardan biri nemis fizigi Arnold Zommerfeld bilan bog‘liq. U 80 martadan ziyod Nobel mukofotiga nomzod bo‘lgan, ammo hech qachon g‘olib bo‘lmagan. Shu bilan birga, uning olti nafar shogirdi keyinchalik Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan. Bu esa Zommerfeld nomzodining rad etilishi haqida hanuzgacha bahslar tugamaganini ko‘rsatadi.
Xulosa sifatida shuni ta’kidlash o‘rinliki, Nobel Tinchlik mukofoti har yili jahon hamjamiyati e’tibor markazida bo‘ladi. Ammo tarix shuni ko‘rsatadiki, hamma ham bu mukofotni olish baxtiga muassar bo‘lavermaydi.
Garchi Maxatma Gandi, Eleonora Ruzvelt, Jan Mone, Fransisk yoki Arnold Zommerfeld kabi insonlar mukofotsiz qolgan bo‘lsalar-da, ularning insonparvarlik va ilm yo‘lidagi xizmatlari Nobel mukofotidan ham yuqori qiymatga ega.
Qodir Jo‘rayev,
siyosiy fanlar doktori, professor.