Nobel mukofoti haqida qiziqarli faktlar

Nobel mukofoti tarixi 1901 yilda boshlangan. Mashhur xalqaro mukofot tarixida juda ko‘p qiziqarli hodisalar ro‘y berib turgan. 100 dan ortiq mukofotlar berilgan ushbu davr mobaynida nufuzli mukofot topshirilishi marosimi o‘tkazilmagan yillar ham bo‘lgan...

Laureatlarning yoshi

Uzoq vaqt davomida eng yosh Nobel mukofoti laureati 1915 yilda mukofotni 25 yoshida olgan fizik Uilyam Lourens Bragg bo‘lib kelgan. Qariyb yuz yil o‘tgach, 2014 yilda 17 yoshli pokistonlik Malala Yusufzay uni ortda qoldirib, “bolalar va yoshlarga nisbatan zulmga qarshi kurash hamda bolalarning ta’lim olish huquqlari uchun” tinchlik bo‘yicha nufuzli mukofotga sazovor bo‘ldi.

Yil fasli

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mukofot sovrindorlari orasida eng ko‘p 28 fevral va 21 mayda tug‘ilganlar bo‘lgan. Demak, Nobel mukofoti sovrindorlari ko‘pincha qishda yoki bahorda tug‘ilar ekan.

Sovrindorlar orasida ayollar kam

Ko‘p sabablarga ko‘ra ilgari ayollarda ilm-fan bilan shug‘ullanish imkoniyati bo‘lmagan. Mariya Sklodovskaya-Kyuri Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgan eng mashhur ayol edi. Polsha va Fransiya eksperimental olimi, o‘qituvchi va jamoat arbobi Parij universitetidagi birinchi ayol o‘qituvchi ham bo‘lgan.

Bundan tashqari, Mariya ikki martadan mukofot olgan to‘rt kishidan biri bo‘ldi. Sklodovskaya-Kyuri birinchi mukofotini 1903 yilda fizika sohasidagi tadqiqotlari, ikkinchisini 1911 yilda yangi kimyoviy elementlarni kashf etgani uchun oldi.

Nobel mukofoti yetakchisi - AQSh

Amerikaliklar haqiqatan ham eng ko‘p mukofotlarni qo‘lga kiritgan. Ularga ko‘pincha kimyo, fizika va tibbiyot sohalarida mukofotlar berilgan. Umuman olganda, boshqa laureatlar qatorida amerikaliklarning Nobel mukofoti olish bo‘yicha ulushi 40 foizdan ortiq.

Nobel mukofotidan bosh tortgan laureatlar

Fransuz faylasufi Jan-Pol Sartr adabiyot bo‘yicha mukofotni olishi mumkin edi, lekin u mukofotni ham, unga tegishli tadbirlar ham rad etdi.

Vetnamdagi fuqarolar urushi (1955-1975) munosabati bilan 1973 yilda siyosatchi va diplomat Le Dix Tho tinchlik mukofotidan bosh tortdi – o‘sha davrdagi vaziyatda unga bu qaror to‘g‘ri bo‘lib tuyuldi.

Vafotidan keyingi laureatlar

Mukofot tarixida bir necha bor nomzodlar mukofot topshirilgunga qadar vafot etgan holatlar yuzaga kelgan. Gap shved shoiri Erik Aksel Karlfeldt va davlat arbobi Dag Hammerssheld haqida ketmoqda.

Nemis olimlariga Nobel mukofoti man etilgan

Mamlakatdagi hokimiyat milliy sotsialistlarga tegishli bo‘lgan paytda Germaniyalik olimlarga Nobel mukofotini olish taqiqlangan edi.

Uch olim Gerxard Domagk, Adolf Butenandt va Richard Kun o‘z mukofotlarini faqat Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin olishgan. Biroq, pul ko‘rinishidagi bonus ularga berilmagan.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.