Samarqand davlat universitetida Nobel mukofoti sohibi nomidagi ilmiy laboratoriya ochildi

Universitetning kimyo fakultetida Nobel mukofoti sohibi Aziz Sanjar nomidagi zamonaviy tahlil usullari ilmiy laboratoriyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Professor Aziz Sanjar - AQShda yashab, ijod etuvchi mashhur turk biokimyogari. AQShdagi Shimoliy Korolina universitetida faoliyat ko‘rsatayotgan professor oxirgi 20 yilda saraton bilan zararlargan hujayraning DNK tizimini tuzatishning biokimyoviy mexanizmlarini ishlab chiqqan va ushbu tadqiqoti uchun 2015 yilda kimyo fanlari bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan.

Laboratoriya energodispersion rentgen fluoressent spektrometr, elektron yutilish spektrofotometri, kukun rentgen difraktometri kabi sakkiz turdagi zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan, - dedi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov. - Ilmiy laboratoriyada xalq xo‘jaligining kimyo, farmatsevtika, tibbiyot, oziq-ovqat sanoati, biologik tadqiqotlar, konchilik kabi sohalarida tadqiqotlar olib borish imkoniyati mavjud.

Shuningdek, mehmonlar molekulyar biotexnologiyalar va zamonaviy botanika asoslari hamda vivariy, biofiziologik, biokimyoviy tadqiqotlar ilmiy laboratoriyalari bilan tanishdi.

Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Nobel mukofoti sohibi Aziz Sanjar, oliy ta’lim muassasalari rektorlari va professor-o‘qituvchilar qatnashdi.

Xurshida ERNAZAROVA.