SamDU talabalari uchun qanday sharoit yaratilgan? Ular “Ulug‘bek rasadxonasi”da ta’lim olyaptimi?

Samarqand davlat universitetida jurnalist va blogerlar uchun talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi.

Dastlab ishtirokchilar universitet qoshidagi Biokimyo instituti o‘quv binolari, muzey va laboratoriyalarida bo‘ldi. Institut binolari yangi qurilgan bo‘lib, auditoriyalari keng va yorug‘, har birida katta hajmdagi elektron doskalar o‘rnatilgan.

Tibbiy kimyo, sintez laboratoriyalari Xitoydan keltirilgan zamonaviy, so‘nggi rusumdagi asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Yosh olimlar, tadqiqotchilar va talabalar bu yerda turli tajribalar ustida ishlaydi. Laboratoriya uskunalari to‘liq avtomatlashtirilgan.

- Bu oliy ta’lim muassasasi 2023 yilda Samarqand davlat universiteti tasarrufida kimyo va biologiya fakultetlarining qo‘shilishi natijasida ochildi, - deydi institut direktori, biologiya fanlari doktori Sirojiddin O‘roqov. - Institutda avvalo, kimyo va biologiya yo‘nalishlari bor edi, keyinroq biotexnologiya, kimyoviy texnologiya, o‘tgan yili fundamental tibbiyot yo‘nalishi ochildi. Shu yil bakalavrlar uchun farmatsiya yo‘nalishini, magistrlar uchun kimyoviy texnologiya, biofizika va biokimyo yo‘nalishlarini ochdik. Bundan tashqari, tayanch doktoranturamiz bor. Mahalliy professor-o‘qituvchilardan tashqari talabalarga 35 nafar xorijiy professor-o‘qituvchilar ham dars bermoqda. 

Tadbir davomida institut issiqxonasi ham ko‘zdan kechirildi. 1970 yilda tashkil etilgan issiqxonada 250 dan ortiq manzarali, dorivor va zaharli o‘simliklar mavjud. Bu yerda yapon o‘rigidan tortib, Saudiya Arabistoni xurmosigacha bor. Issiqxonada o‘simliklarni qishin-yozin bir xil haroratda saqlab turish uchun sharoit yaratilgan. Uning eshigi nafaqat amaliyotchi talabalar va tadqiqotchilar, balki tabiatni sevuvchi yoshlar uchun doimo ochiq. 

Bundan tashqari, institutning zoologiya muzeyi bo‘lib, unda hashoratlardan tortib, qushlar, sudralib yuruvchi va yirtqich hayvonlargacha bor. Bu yerda hatto fil suyagi maketi ham mavjud.

Press-turning keyingi manzili universitetning yangi o‘quv yilida qurib, foydalanishga topshirilgan ming o‘rinli o‘quv binosi bo‘ldi.

- Binomiz Ulug‘bek rasadxonasiga o‘xshash qilib qurilgan, - deydi talabalardan biri. -  Eng so‘nggi zamonaviy kompyuterlar, katta ekranli elektron doskalar, xullas, barcha zarur sharoitlar bor. Tarix bilan zamonaviylik uyg‘unligidagi rasadxonada o‘qiyotgandek his qilyapmiz. 

Jurnalistlar ta’limga berilayotgan e’tiborni universitetda talabalar ta’lim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarda ko‘rdi.

Xurshida ERNAZAROVA.