SamDTU talabalari AQShda o‘qish va ishlash imkoniga ega bo‘ldi
Samarqand davlat tibbiyot universiteti AQShning Webster universiteti bilan bir necha yildan beri o‘zaro hamkorlik aloqalarini yuritib kelmoqda.
Jumladan, ikki muassasa o‘rtasida tibbiy biologiya va oliy hamshiralik bo‘yicha malakali mutaxassislarni Amerika standartlari asosida tayyorlashga kelishib olingan edi.
Mazkur kelishuv doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti O‘zbekiston oliy tibbiy ta’lim muassasalari ichida birinchilardan bo‘lib Webster universiteti bilan hamkorlikda hamshiralik ishi yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha uch tomonlama memorandum imzoladi. Memorandumga ko‘ra, 2024-2025 o‘quv yilidan 3+1 shaklidagi hamshiralik ishi qo‘shma ta’lim dasturi amalga oshirilib, SamDTU talabalari AQShning nufuzli universitetida tahsil olish hamda malakalarini oshirish imkoniga ega bo‘ldi.
Universitetlar o‘rtasidagi mazkur qo‘shma ta’lim loyihasi mamlakatimiz tibbiyot oliygohlari ichida birinchi bo‘lib, talabalarimizning jahon standartlari asosida tibbiy bilim olishlari va raqobatbardosh mutaxassislar bo‘lib yetishishlariga ko‘mak beradi.
Qo‘shma ta’lim dasturiga qabul jarayonlari joriy yilning avgust oyida boshlanadi.
Odilbek Ahmedov.