Adiz Boboyev tadbirkorlarning muammosi va takliflarini tingladi

Samarqand shahridagi Shirin massivida viloyatdagi tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyatida uchrayotgan qiyinchiliklar, ishlab chiqarishni kengaytirishdagi to‘siqlar va muammolarni o‘rganish maqsadida tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboev ishtirok etdi.

 Uchrashuvda viloyatdagi 60 ga yaqin yirik investor, eksportyor va klaster korxonalari vakillari ishtirok etib, bank kreditlari va subsidiyalar ajratilishi, soliq imtiyozlaridan foydalanish, startap g‘oyalarni joriy qilish, mehmonxona binosi uchun ruxsatnoma olish, tabiiy gaz tarmog‘iga ulanish, mahsulot eksportini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan amaliy yordam so‘rab murojaat qilishdi. 15 ga yaqin takliflar bildirdi.

Jumladan, Samarqand shahridagi “MAROQAND REST AREA” MChJ rahbari Zafar To‘rayev Samarqand shahrida joylashgan 7 gektar yer maydonida qiymati 10 million AQSh dollari miqdoridagi logistika markazini tashkil qilish uchun qurilish ishlarini boshlashga ruxsat berilishida amaliy yordam so‘radi.

Narpay tumanidagi “OQTOSh DON” aksiyadorlik jamiyati mas’uli Fazliddin Ziyodullayev  Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi hamda Qo‘shrabot tumani bo‘limi sud ijro varaqalarini MIB portal dasturiga kiritmaganligi, qarorlarni yubormaganligi, ijro ishi yuritishni tamomlamasdan, ikki oy oldin taqiq va hisobraqamga qo‘yilgan bandni yechganligi va boshqa xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishida yordam kerakligini aytdi.

Shuningdek, muloqotda ishlab chiqarish, turizm, qishloq xo‘jaligi, xususiy tibbiyot va boshqa sohalardagi tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq muammo hamda takliflar tinglanib, ularning aksariyati joyida hal etildi. Shu bilan birga, qo‘shimcha o‘rganish va vaqt talab qiladigan ayrim masalalarning yechimi uchun muddatlar belgilandi.