“Akasiga tor shim, singlisiga kalta yubka, o‘lgan buvisiga yangi kafanlik...”
Viloyat hokimining sayyor qabulini kuzatar ekanman, beixtiyor O‘zbekiston xalq artisti Ergash Karimovning sovchi obrazidagi shu gaplari yodimga tushdi.
Sababi, qabulda hokimdan so‘ralmagan narsaning o‘zi qolmadi. Ha, unda insofdan bo‘lak hamma narsa so‘raldi. Hatto, tug‘ilmagan farzand uchun beshik ham.
Murojaatlardan biri:
- Hamshira bo‘lib ishga kirmoqchi edim, pul talab qilishyapti, - salom-alikdan so‘ng birdan maqsadga ko‘chdi fuqaro.
- Shikoyat yozing, ko‘rib chiqishadi. Lekin buyruq berib hamshiralikka joylashtira olmayman.
- Sobiq erimdan uch yildan beri aliment pullarini undira olmayapman, - keyingi masalaga o‘tdi u.
Majburiy ijro byurosi mas’ullariga holatni o‘rganib, aliment pullarini undirib berish topshirig‘i berildi.
- Kreditimni yopishda yordam bering. Dadam ham insult bo‘lgan, unga qarashish kerak...
- Agar to‘xtamasangiz, men ham insult bo‘laman, - dedi hokim. - Insof degani bormi, baraka topkur?
Yana bir fuqaro qabulga nogironlar aravachasidagi otasi bilan kelgan. Otaxon ham kichigidan boshlab, keyin maqsadini aytdi. Oz emas, ko‘p emas, hokimdan o‘g‘li uchun bittagina “Cobalt” olishda yordam berishni so‘radi. "Meni olib yuradi shu mashinada", deydi u. Beixtiyor ko‘zim uning ortida turgan “bechora” o‘g‘ilga tushdi. Mendan ham baquvvat ekan, deb yubordim. Shu odam uyalmay nogiron otasini “bayroq” qilib kelibdi. Mashinali bo‘lib qolaman, deb o‘ylagandir-da.
Bu murojaatni hazm qilib ulgurmasimdan yangisi jarangladi: " Homiladorman, yashash sharoitim og‘irroq, tug‘ilajak bolamga kolyaska va krovat olib bersangiz...".
Hokim so‘raydi: “Senga qarashadigan er yo‘qmi?”.
- Erim bor. Hokimiyat ham yordam berishi kerak-ku.
Qabulda noqonuniy qurilishini qonuniylashtirib berish, kreditini to‘lab berish, sud qarorini bekor qilishni so‘raganlar ham bo‘ldi. Har sayyor qabulda ko‘rinish beradigan “doimiy” murojaatchilar hokimga “Meni tanidingizmi?”, deb kinoya qilishdan-da uyalmadi. Ammo bu safar ularning rejasi amalga oshmadi. Hokim qattiqqo‘l bo‘ldi, boqimandalarga qisqa va lo‘nda qilib, “Biz sizga yordam berolmaymiz”, deya javob qaytardi.
Bu bilan tadbirda dolzarb murojaatlar bo‘lmadi, demoqchi emasmiz. Masalan, Nurobodning Tim qishlog‘idan kelgan fuqaro mahallasining 5 kilometr ichki ko‘chasini asfalt qilib berishni so‘radi. Hokim mas’ullarga mazkur murojaatni bir hafta ichida ijobiy hal qilish topshirig‘ini berdi. Yana kimdir mahallasi uchun xususiy bog‘cha ochganini, ammo ishni boshlashiga ayrim byurokratik to‘siqlar yo‘l qo‘ymayotganini bildirdi. Mazkur muammo huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘rganib chiqilib, qisqa muddatda yechilishi aytildi.
Qabulda hokimdan bola asrab olishda huquqiy yordam berishni so‘ragan ham bo‘ldi. Buni qarang-a, kimdir tirnoqqa zor, boshqalar esa hali tug‘ilmagan farzandini o‘rtaga qo‘yib, hokimdan nimanidir tama qiladi.
Xullas, qabulda murojaatlar insonlarimiz singari xilma-xil bo‘ldi.
Asqar BAROTOV.