Odamlar hokimdan nima so‘rayapti?

Bundan bir yarim yillar oldin viloyat hokimining sayyor qabuliga kelganlar soni mingdan ziyod ekanini ko‘rib hayron qolganman. Mingdan ziyod muammo shu yerga qadar hal etilmagani — tuman, shaharlardagi tashkilotlarda odamlarning masalasi hal bo‘lmaganini anglatmasmikin, degan xayolga borganman.

Qolaversa, boshqa rahbarlar sayyor qabullarida 20-50 nafar odamga ko‘zim o‘rgangan ekan o‘shanda. Bugun yana viloyat hokimi sayyor qabuliga bordim, bu safar ham murojaat qiluvchilar mingdan kam emas.

Bu, birinchidan, “Mening muammoimni faqat viloyat hokimi hal qilishi mumkin” degan ishonch bo‘lsa, ikkinchi tomondan, barcha muammoning o‘z “egasi”, tizimi bo‘lgani holda hali ham minglab odamlar viloyat hokimi qabuliga oshiqishi joylardagi boshqaruv idoralari faoliyatiga berilgan baho, nazarimda.

Umuman, bunchalik ko‘p murojaatlar to‘planishining o‘zi bir mavzu ekan. Ba’zan tahririyatga biror soha mas’ulining hisobotini ko‘tarib kelishadi, faoliyatimizni yoritaylik deb. Hisobotda “yilning shu davriga qadar aholidan tushgan ....ta shikoyat va murojaatlar ijobiy hal etilgani” mamnuniyat bilan qayd etiladi. Bizda esa savol tug‘iladi: bu shikoyatlarni ijobiy hal etish mumkin ekan, nega ular shikoyat darajasiga yetgan, nega joyida, shikoyat bo‘lmasidan oldin hal bo‘lmagan?

Viloyat hokimi sayyor qabuliga kelganlarning ham aksariyati aytgan muammolar, aslida, joyida hal etish mumkin bo‘lgan masalalar, nazarimda. Shuning uchun ham, oldin aytganimizdek, bunday yirik sayyor qabullardan keyin albatta joyida hal etsa bo‘ladigan murojaatlarning hududiyligiga e’tibor qaratish, ayniqsa, ayni masala bo‘yicha oldin qayerlarga murojaat etilgani va qay tariqa “o‘rganilgani"ga aniqlik kiritilishi shart.

Masalaning yana bir qancha tomonlari bor, albatta. Qabulda hali ham “menga uy olib bering”, “menga pul bering” (moddiy yordam) deb keluvchilar bor ekan. Viloyat hokimi esa bir necha marta “barcha fuqarolar diqqatiga, biz sizga uy olib berolmaymiz, bunday tartib yo‘q, subsidiya oling, ammo bunga ham aralasha olmaymiz, buning o‘z talablari, nizomi bor, buyruq bilan hal bo‘lmaydi”, deb eslatishiga to‘g‘ri keldi.

Ammo bizga eng ta’sir qilgani bu ham emas. Qabulga sud bilan bitadigan ishlar yuzasidan ham ko‘plab murojaat bo‘lar ekan. Nega sudlar bilan bitadigan ish uchun fuqarolar sud idoralariga emas, aynan hokimga kelishi jiddiy o‘ylantiradigan masala, albatta. Hatto, sud qaroridan norozi bo‘lib qabulga kelganlar ham bo‘ldi. Ularga bu kabi masalalar bilan qayerga murojaat etish lozimligi tushuntirildi.

Nafaqat, Samarqandda, ko‘plab hududlarda uchraydigan masala — noqonuniy qurilishlar bo‘yicha ham shikoyatlar ko‘p bo‘ldi. Masalan, Samarqand shahridagi Imom Vose mahallasidan kelgan kishilar hududda noqonuniy qurilish bo‘layotgani, uchta oilaning uyiga zarar yetgani, hech qanaqa kompensatsiya berilmaganidan shikoyat qildi. Holat o‘rganiladigan bo‘ldi.

Doimgidek, davolanish masalasida yordam, order so‘rab kelganlar ham bo‘ldi. Bunday masalalar yuzasidan ham joyida hal etish uchun tegishli mutasaddilarga topshiriq berildi.

Yo‘l, kommunal soha, xususan, elektr ta’minoti, ichimlik suvi, tarmoqlarni yangilash masalalarida murojaatlar qayd etildi.

Misol uchun, Qo‘shrabot tumanining Qovunchi mahallasida yashovchi O‘roqboy Safarov xuddi shu masalalar hamda qishloqda maktab filiali qurilishida yordam so‘radi.

Ayni vaqtda umumta’lim maktablariga qabullar jarayoni bo‘lgani uchun shu masalada ham murojaat qiluvchilar ko‘p ekani e’tiborimizni tortdi. Jumladan, Samarqand shahrida yashovchi fuqaro farzandini maktabga qo‘yishga yordam so‘radi. Aftidan, ta’lim tizimi mutasaddilari qabullar tartibi bo‘yicha tartib-qoidalarni barchaga yetkazishga harakat qilishlari lozim. Masalan, oila asli chekka tumandan, ammo ishlash, pul topish maqsadida vaqtincha Samarqand shahrida yashaydi, ularning farzandlarini maktabga qabul qilishda muammolar yuzaga keladi. Bu kabi holatlarga ham yechim topish, aniq yechimi bo‘lsa aholiga tushuntirish kerakka o‘xshaydi.

Murojaatchilardan biri, Ko‘zi ojizlar jamiyati viloyat bo‘limi rahbari jamiyat binosining ta’mirtalab ekani, shuningdek, avtomashina ham kerak bo‘layotganini ma’lum qildi. Har ikki masala tez orada hal etilishi aytildi.

Yuqorida qaysi hududlardan va tizimdan murojaatlar ko‘p bo‘layotganiga e’tibor qaratish lozimligini aytdik. Ammo bunda yana bir jihat, murojaatchining haq yoki nohaq ekaniga ham albatta e’tibor berish kerak. Masalan, noqonuniy yerni egallab olib, qabulda “mening yerimga hujjat qilib berishmayapti” degan murojaatchining muammosiga yechim topib bermagan mutasaddilar aybdor bo‘lib qolmasligi kerak, bizningcha.  

Anvar  Mustafoqulov,

Husan Eltoyev (foto).