Oliy sud rahbariyati ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi
Fuqarolarning muammolarini ularning huzuriga borgan holda tinglash, joyida hal qilish maqsadida Oliy sud rahbariyati tomonidan joylarda doimiy ravishda ommaviy sayyor qabullar o‘tkazib kelinmoqda.
Navbatdagi ana shunday sayyor qabul Oliy sud raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvonov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Samarqand shahrida o‘tkazildi.
Sayyor qabulda 44 nafar fuqaroning murojaati eshitildi.
Murojaatlarning 18 tasi jinoyat, 9 tasi fuqarolik, 10 tasi iqtisodiy hamda 7 tasi ma’muriy sudlovga taalluqli bo‘ldi.
Qabul qilingan fuqarolarning 18 nafari jinoyat ishlari bo‘yicha, 9 nafari fuqarolik ishlar bo‘yicha, 10 nafari iqtisodiy ishlar bo‘yicha hamda 7 nafari ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlarga oid masalalarda murojaat qildi.
Viloyat sudi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 2 ta murojaat qanoatlantirilgan, 22 ta shikoyat va arizalar qonuniy ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi.
Qolgan murojaatlar bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi.
Sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazosini o‘tayotgan 5 nafar fuqaro qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligini, bundan buyon sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishini bildirib, jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi.
Tadbir davomida jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining sayyor sud majlisi tashkil etilib, har bir holat alohida ko‘rib chiqildi va murojaatlar ijobiy hal etildi.