Sudya bo‘lish osonmi?

Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari I.Muslimov va Oliy sudning kadrlar boshqarmasi boshlig‘i M.Muxitdinov Samarqand davlat universitetining bo‘lajak huquqshunos talabalari bilan uchrashdi.

Muloqot davomida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar targ‘ibotiga alohida e’tibor qaratildi. Unda Oliy sud va Samarqand davlat universiteti o‘rtasidagi amaliy hamkorlik natijasida erishilgan yutuqlar e’tirof etildi.

Ta’kidlanganidek, sud idoralari xodimlarining jamiyatda ijtimoiy mavqeini va obro‘-e’tiborini oshirish hamda sudlarda eng munosib va yuqori malakali kadrlar korpusini shakllantirish tizimni tubdan isloh qilish yo‘lidagi eng asosiy vazifalardan biridir.

- Biz ko‘plab oliy o‘quv yurtlarida xuddi shunday uchrashuvlar o‘tkazib kelyapmiz. Lekin bundan "Sud organlari kadrlarga muhtojlik sezayotgan ekan, sudga ishga kirishga tashviqot qilib yuribdi", degan fikr kelib chiqmasligi kerak. Bizning maqsadimiz boshqa. Talabalarni o‘qishga, kuchli bilim olishga shijoatini yanada oshirish. Bunday amaliy suhbatlarning samarasini aniq sezyapmiz. Kuchli bilimli avlodni tarbiyalash barchamizning birlamchi vazifamiz. Biz sizlar bilan maqsadni aniq qo‘yish, unga intilish, ilm olishga jiddiy yondashish natijasi qanday bo‘lishi haqida gaplashamiz. Va albatta, sud organlarida ishlashni maqsad qilganlar uchun ham yetarli tushunchalar beramiz.   

Darhaqiqat, bugungi kunda zamon tezlashib, jamiyatimiz ham shunga mos ravishda rivojlanib bormoqda. Tanlagan kasbi bo‘yicha yetarli fundamental bilimga ega, bir necha tillarni biladigan, dunyoqarashi keng, davlat siyosati va ijtimoiy hayotni teran his qiladigan mutaxassis har qanday sohada o‘z joyini oson topadi. Xususan, sud organlarida ham.

Sud idoralarida kadrlar bilan ishlashda ularning bilimi, malakasiga alohida e’tibor qaratiladi. Albatta, sudlarda ishchanlik muhitini yaratish bilan bir qatorda xodimlarning dunyoqarashi, ma’naviyati, kasbiy odob-axloqi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Oliy sud huzurida tashkil etilgan “Bo‘lajak sud xodimlari” klubiga universitet talabalarini jalb qilish uchun tegishli huquqiy zamin yaratilgan. Talabalar hech qanday to‘siqlarsiz klubga a’zo bo‘lib, darsdan bo‘sh vaqtlarida sudlarda tanishuv amaliyotini o‘tashlari hamda bo‘lajak kasblari bo‘yicha ish o‘rganishlari uchun imkoniyat yaratilgan.

Tadbirda savol-javoblarga keng o‘rin berildi. Yakunda o‘z fikrlari, qiziqarli va muhim savollari bilan faol ishtirok etgan talabalarga kitoblar sovg‘a qilindi.

Samarqand viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.