Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari samarqandlik bo‘lg‘usi huquqshunoslar bilan uchrashdi

Shu kunlarda mamlakatimizning barcha joylarida “Inson huquqlari” haftaligi o‘tkazilmoqda. Ushbu haftalik doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari R.Mahmudova Samarqand davlat universitetida “Inson huquqlari - oliy qadriyat” mavzusida uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda viloyat sudi raisi O.Hayitov va viloyat ma’muriy sudi raisi T.Fayziyev, sudyalar, SamDU professor-o‘qituvchilari va bo‘lg‘usi huquqshunos talabalar ishtirok etdi.

Dastlab R.Mahmudova so‘zga chiqib, inson huquqlari sohasidagi ta’lim har bir fuqaroning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Xalqimizda azaldan xolislik, haqqoniylik va adolat ulug‘ qadriyat sanalgan. Bu ezgu fazilatlar zamirida inson huquqlariga nisbatan hurmat va ehtirom mujassam. Davlatimiz rahbari taklifi bilan 2022 yilni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”, 2023 yilni “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb atalishi ham millatimizning ana shu ezgu qadriyatlari bardavomligini ta’minlashga xizmat qiladi.   

Mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’lim har bir fuqaroning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga rioya etilishini ta’minlashda, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquqiy ongini yanada oshirish orqali jamiyatda huquqiy madaniyatini yuksaltirish, yoshlar o‘zlarining fuqarolik pozitsiyasini yanada teranroq his etib, unga munosib bo‘lishiga erishish maqsad qilingan.

-  Bugungi talaba ertangi mutaxassis. Sizlar ertamiz egalarisiz. Bu yaltiroq gap emas, ayni haqiqat, - dedi R.Mahmudova talabalarga murojaat qilib. - Mana shu dargohda ta’lim olgan sobiq talabalar hozir turli sohalarda bo‘lgani kabi sudyalik lavozimida ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Demak, hozir oralaringizda ertangi kun prokurorlari, sudyalari, advokatu tergovchilari o‘tiribdi. Sizlarga aytadigan gaplarim ko‘p. Lekin eng asosiy gapim shuki, bugungi ta’lim olish imkoniyatingizdan to‘laqonli foydalanib, puxta bilim oling. Zamonimiz rivojlanib, talab ham oshib bormoqda. Ertangi kunda kuchli bilim sohibi, o‘z kasbingizni yetuk mutaxassisi bo‘lmasangiz maqsadingizga erisholmaysiz. Bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan sudyalarning bor-yo‘g‘i 16 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Bu juda kam. Chunki jabrdiyda ayollar ayol sudyalarga dardini ochiqroq aytadi. Talaba qizlarimizga yanada faolroq bo‘lishni, ulkan maqsadlar qo‘yib, unga intilishni maslahat beraman.

Tadbir so‘ngida faol ishtirok etgan hamda a’lochi talabalarga kitoblar jamlanmasi taqdim etildi.

Samarqand viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.