Sayyor qabulning birinchi kuni samarali bo‘ldi
Fuqarolarning sud-huquq sohasidagi murojaatlariga samarali yechim topish uchun yanada qulay sharoit yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Prezident Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Sudyalar Oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda Davlat bojxona qo‘mitasi rahbar xodimlari ishtirokida Samarqand shahri, Samarqand, Toyloq va Jomboy tumanlari aholisi uchun Samarqand tumanida ommaviy qabul tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Kamilov rahbarligidagi Respublika ishchi guruhi tomonidan fuqarolarning sud-huquq masalalari yuzasidan murojaatlari tinglandi.
Sayyor qabulning 31 martdagi birinchi kuni murojaatchilar bilan gavjum bo‘ldi.
370 nafar murojaatchi qabul qilindi. Shundan, jinoyat ishlari bo‘yicha 132 ta, ma’muriy huquqbuzarlik ishlari bo‘yicha 65 ta, fuqarolik ishlari bo‘yicha 138 ta, iqtisodiy ishlar bo‘yicha 18 ta, ommaviy munosabatlarni kelib chiqadigan ma’muriy ishlar bo‘yicha 17 ta murojaat tushdi.
28 nafar fuqaroning da’vo arizasi 1-instansiya sudining ish yurituviga qabul qilindi, 45 nafar fuqaroning kassatsiya shikoyatlari Oliy sudda ko‘rishga qabul qilindi, 9 nafar fuqaroning arizasi qabul qilindi, 8 nafar fuqaroning arizasi bo‘yicha ishlar appelyasiya instansiyasiga ko‘rishga tayinlandi, 107 nafar fuqaroga tegishli huquqiy tushuntirish berildi.
Shuningdek, 41 nafar fuqaroga aliment undirib berildi, 15 nafar fuqaroning pensiya ta’minoti bilan bog‘liq nizolari hal etildi, 19 holatda fuqarolik ishlari sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilishi ta’minlandi, 5 holatda nikohdan ajratish haqidagi da’volar bo‘yicha taraflar yarashtirildi.
2 nafar tadbirkorlik sub’yektining kassatsiya shikoyatlari Oliy sudda ko‘rishga qabul qilindi, 8 ta yuridik shaxs vakili va tadbirkorga tegishli huquqiy tushuntirish berildi, 4 holatda iqtisodiy ishlari sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilishi ta’minlandi va ijobiy hal qilindi.
Mamlakatimizda qonun ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar. Har kim qilmishiga yarasha jazosini olishi aniq. Biroq qilmishining oqibatini anglab yetgan, pushaymon bo‘lgan, o‘ziga xulosa chiqargan shaxslarga hukumatimiz yengilliklar berayapti. Bugungi sud-huquq islohotlari ham shunga qaratilgan. Bugungi sayyor sud majlisida jazosi yengillashtirilib, ozodlikka chiqarilganlar butunlay qutulib ketdi, degani emas. Bu ularga imkoniyat. Shu imkoniyatdan oqilona foydalanib hayotini to‘g‘ri yo‘lga solsa rahmat, oilasi bilan tinch yashayversin. Lekin bu yaxshilikni, bag‘rikenglikni suiiste’mol qilmaslik kerak.
Sayyor qabul doirasida ishchi guruh tomonidan jazo o‘tayotgan fuqarolar uchun ham qabul o‘tkazildi. 70 nafar mahkum qilmishidan chin ko‘ngildan pushayman ekanligi, qilmishiga yarasha jazosini olganligi, o‘ziga tegishli xulosa chiqarganini bayon qildi. Jazoni o‘tash davrida tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tib, tartib-intizomga qat’iy rioya qilganligi, namunali xulq-atvori bilan ishonchni oqlaganini ta’kidlab murojaat qildi. Bu murojaatlarning har biri batafsil o‘rganib chiqildi.
Tashkil etilgan sayyor sud majlisida 24 nafar mahkumning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi. 45 nafar mahkum tayinlangan axloq tuzatish ishlari hamda ozodlikdan cheklash jazosidan muddatidan oldin shartli ozod qilindi.
Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida yashagan A.Rasulov, A.Kamolov, Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida yashovchi B.Davlatov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan ozodlikdan mahrum qilish jazosidan shartli ozod qilinib, uyiga kuzatib qo‘yildi.
Toyloq tumani “G‘o‘lba” mahallasida yashovchi F.Hikmatov, O‘.Davronov, “Bog‘ichinor” mahallasida yashovchi A.Abdumo‘minov, “Jalolobod” mahallasida yashovchi N.Negmatov sodir qilgan huquqbuzarligi uchun transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinganligini, transport vositasini boshqarish orqali ro‘zg‘or tebratishi, bugungi kunda oilasining moddiy ahvoli qiyinlashib qolganini ma’lum qildi. Qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligini bildirib, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni so‘rab murojaat qildi. Ularning murojaatlari o‘rganib chiqilib, ijobiy hal etildi.
Bundan tashqari, “Sam FERRE” xususiy korxonasi vakili Shahboz Sayfiddinovning bojxona omborini kengaytirish masalasidagi murojaati shu kunning o‘zida ijobiy hal etildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi tomonidan 2021 yilning yanvar-mart oylari mobaynida 5 nafar shaxsga nisbatan 3 ta jinoyat ishi bo‘yicha oqlov hukmi chiqarilib, huquqlari tiklangan.
2010 yilda Urgut tumani prokuraturasida tergovchi lavozimida faoliyat yuritgan Otabek Majidov kutilmaganda adolatsizlikka uchrab, nohaqlikning achchiq ta’mini tatib ko‘rdi. Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «a», «v» bandlari bilan ayblanib, uch yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash muayyan huquqidan mahrum qilingan holda sakkiz yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan edi.
Sobiq tergovchi o‘zining asossiz sudlangani haqida vajlarni keltirib, o‘tgan yili Oliy sudga shikoyat bilan murojaat qildi, shuningdek Oliy sud raisining qabulida bo‘ldi. Uning murojaati o‘rganib chiqilib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi kassatsiya instansiyasining yaqinda bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida unga qo‘yilgan ayblovlar tasdiqlanmadi va u oqlandi.
Otabek Majidov ham adolat qaror topganligi, buning uchun Oliy sud raisining sayyor qabullari katta ahamiyatga ega bo‘layotganini ta’kidlab, minnatdorchilik bildirdi.
Samarqand qishloq xo‘jalik (hozirgi veterinariya meditsinasi) instituti o‘qituvchisi Q.Tangirov nohaq ishdan bo‘shatilgan edi. Adolatsizlikka ilm dargohidan yechim topa olmagan o‘qituvchi Oliy sud raisining qabuliga kirib, murojaat qilgan edi. Murojaati odilona ko‘rib chiqilib, tegishli sud hujjatlariga binoan u o‘z ishiga tiklandi. Q.Tangirov bugungi sayyor qabulda shaxsan Oliy sud raisining qabuliga kirib, adolatni tantanasini ta’minlagani uchun alohida minnatdorchilik bildirdi.
Qabulda muammolari hal bo‘lgan 136 nafar fuqaro va tadbirkorlik sub’yektlari yozma va og‘zaki tashakkurnoma bildirdilar.
Qabul chog‘ida Samarqand tumanidagi “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan, ehtiyojmand oilalarning bir guruhiga mahalliy Kengashlar deputatlari uchun ajratilgan mablag‘ hisobidan tikuv mashinasi, motokultivator va boshqa daromad topish mumkin bo‘lgan vositalar tarqatildi.
Ommaviy qabullar ertaga Ishtixon va Qo‘shrabot tumanida, 2 aprel kuni Past Darg‘om tumani va Kattaqo‘rg‘on shahrida, 3 aprel kuni esa Urgut tumanida yaqin hududlar aholisi uchun o‘tkaziladi.
Samarqand viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.