O‘zbekiston Xitoy ta’lim sohasida hamkorlik aloqalarini kuchaytiradi

Samarqandda II “Ta’lim, fan va texnologiyalar sohasidagi innovatsion hamkorlik forumi” bo‘lib o‘tdi.
Forumni oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ochib berdi.
- So‘nggi yillarda biz oliy ta’lim sifatini oshirish, fan va ishlab chiqarish integratsiyalashuvi, akademik mobillik va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirmoqdamiz, - dedi vazir Q.Sharipov. - Bugungi forum aynan O‘zbekiston va Xitoy mintaqalari o‘rtasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, ta’lim tizimida ilg‘or texnologiyalar va innovatsion yondashuvlarni joriy etish, hamda yoshlarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.
Xitoy Xalq Respublikasi 30 yildan buyon O‘zbekistonning strategik hamkori sifatida, ta’lim va ilmiy hamkorlik sohasida ham salmoqli qo‘shma dasturlarni amalga oshirmoqda.
Bugungi forumda ham istiqbolli hamkorlik bitimlari imzolanishi kutilmoqda.
Forumda so‘zga chiqqan Xitoy Xalq Respublikasi Shensi provinsiyasi gubernatori Sao Gang Xitoy va O‘zbekiston qadimdan Buyuk Ipak yo‘li orqali do‘stona munosabatlar o‘rnatib kelayotgani, keyingi yillarda ikki davlat ta’lim, ilm-fan sohasida ham hamkorlik bitimlari tuzayotganini ta’kidladi. Bundan keyin fan, ta’lim sohasida birgalikda ilmiy loyihalar olib borishga tayyor ekanini bildirdi.
Tadbirda O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, energetika vazirligi va Sian neft universiteti o‘rtasida O‘zbekistonda Sian neft universiteti filialini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolandi. Shuningdek, maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va Sian xalqaro tadqiqotlar universiteti o‘rtasida ta’lim sohasidagi anglashuv memorandumi, Samarqand davlat universiteti bilan Sian arxitektura-texnologiya universiteti o‘rtasida madaniyat sohasida hamkorlik va almashinuv to‘g‘risida memorandum imzolandi. Bundan tashqari, ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘ndan ortiq hamkorlik bitimlari tuzildi.
Forumda ikki davlat rasmiy vakillari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etdi.
Xurshida ERNAZAROVA.