Samarqand shahar markazida zamonaviy “Bolalar va yashil jamoat parki” quriladi

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev tashabbusi bilan shaharning O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan sobiq harbiy shifoxona (gospital) o‘rnida barpo etilishi rejalashtirilgan mazkur jamoat parki 5,4 gektar maydonni egallaydi.

Hududdagi 100 dan ziyod ko‘p yillik manzarali daraxtlarning birortasi kesilmaydigan va 5 ta madaniy meros ro‘yxatiga olingan bino va inshootlar buzilmaydigan bo‘ldi.

- Barpo etiladigan istirohat bog‘ining loyihasiga ko‘ra, daraxtlar to‘liq saqlab qolinib, qo‘shimcha yashil maydonlar barpo etiladi, - deydi viloyat bosh  arxitektori Sayfiddin Narziqulov. - Shuningdek, madaniy meros ro‘yxatiga olingan binolarga zarar yetkazmasdan, o‘zining me’moriy qiyofasi va qurilish uslubini saqlab qolgan holda qayta rekonstruksiya qilinib, ulardan samarali foydalanish maqsad qilingan.

Ushbu binolarni qayta ta’mirlash orqali harbiy shifoxona (gospital) tarixi va uning faoliyatini yoritib beruvchi muzey, yoshlar uchun zamonaviy va raqamli kutubxona, ko‘p tarmoqli o‘quv markazi, kreativ to‘garaklar, sun’iy intellekt, 3D modellashtirish, robototexnika va kibersport o‘yinlari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, bog‘da muzqaymoq pavilonlari, yopiq va ochiq attraksionlar, favvoralar, sovg‘alar do‘koni, Nuroniylar choyxonasi, turli sport va sog‘lomlashtirish maskanlari, jumladan, sog‘lom turmush markazi, fitnes klub, shaxmat-shashka, vorkaut, oranjereyalar, aholi uchun turli dam olish maydonchalari barpo etilmoqda.

- Ayni vaqtda bog‘ hududida qurilish-ta’mirlash ishlarida 50 nafardan ziyod quruvchilar mehnat qilmoqda, - deydi “Ciyob Shavkat Orzu” xususiy qurilish korxonasi uchastka ish boshqaruvchisi Rahimjon Rabbimqulov. – Ikki smenada ishlayotgan 15 ta maxsus yuk tashuvchi texnikalar yordamida yerosti avtoturargoh uchun poydevor, bog‘ni sug‘orish tizimlari va drenaj inshootlari uchun handaq qazilib, kuniga ming kubometr tuproq tashish ishlari bajarilmoqda.

Quruvchilar tomonidan yangi o‘quv markaziga aylantirish rejalashtirilgan madaniy meros ob’yektining 1630 kvadrat metri, Nuroniylar choyxonasining 1000 kvadrat metr tom qismi qayta yopilmoqda.

Zamonaviy parkda keluvchilarning miriqib suhbatlashib, dam olishlari uchun 12 ta aylana shiyponcha va 80 ta o‘rindiq o‘rnatiladi. Bu ishlarni H.Sodiqov boshchiligidagi qo‘qonlik payvandchi ustalar bajarishmoqda. Shuningdek, ular 3 ta kirish yo‘laklari uchun darvoza yasashni ham zimmasiga olgan.

Aholining O‘zbekiston va Mirzo Bobur ko‘chalaridan kelishi qulay bo‘lishi uchun 2 ta kirish yo‘laklari, yerosti va yerusti avtoturargohlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Dilmurod TO‘XTAYeV.