Umrida go‘sht yemagan sher

XX asrning o‘rtalarida Amerikada tug‘ilgan Afrika urg‘ochi sheri hayotining to‘qqiz yilini go‘sht yemasdan o‘tkazdi. Sher egasi Jorj va Margaret Vestbou olimlarning “yirtqich hayvonlar go‘shtsiz yashay olmaydi”, degan da’volaridan xavotirga tushib, “Kichkintoy” laqabli shervachchani go‘sht yeyishga ko‘ndirish uchun ko‘p harakat qildi.

Ular hatto “Kichkintoy”ga yoqishi mumkin bo‘lgan go‘shtli formulani ishlab chiqaradigan kishiga pul mukofoti taklif qilib, gazetaga e’lon berishdi. Nyu-York hayvonot bog‘i kuratori Vectboularga “Kichkintoy” sut ichadigan idishga bir necha tomchi boshqa hayvon qonini qo‘shib, uni asta-sekin go‘shtga o‘rgatishni maslahat berdi. Lekin sher bolasi hatto nomigagina, bir tomchi qon aralashtirgan shishadagi sutni ichmadi.

Vectbou oilasining 40 gektarlik dala hovlisiga kelgan ko‘plab mehmonlar orasida o‘z sohasini yaxshi biladigan mutaxassislar ham yo‘q emasdi. Ular ham turli maslahatlar berishdi, biroq hech biri ish bermadi. “Kichkintoy” o‘sib rivojlandi, taxminan to‘rt yoshida to‘liq yetuklikka erishgan hayvonning vazni 160 kilogramgacha yetdi.

Sherga sut va tuxum bilan aralashtirilib pishirilgan turli xil don va yormalar berilardi. U har kuni ertalab va kechqurun, ba’zan esa kunduzi ham bu aralashma bilan oziqlanib, bu parhezda nafaqat omon qoldi, balki o‘zini juda yaxshi his qilardi. Amerika hayvonot bog‘lari mutasaddilaridan biri uni «o‘z turlari orasidagi eng zo‘r ko‘rinishga ega sher”, deb aytdi.

Vectbou oilasi fermasida boshqa hayvonlar ham yashardi. “Kichkintoy” haqidagi teleko‘rsatuvlar va gazetadagi fotosuratlar ham ko‘pchilikni bu ranchoga chorlar, sherni ko‘rish uchun Hayden vodiysiga ko‘plab mehmonlar kelishardi.

Qo‘y, sigir va tovuslar yonida tinch-totuv yashayotgan sher mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Bu haqda bir tashrif buyuruvchi shunday deb yozgan edi: “Ko‘z oldimdagi sher va qo‘zichoqning bu “kartinasi” meni juda baxtli qildi. Qani endi butun dunyo odamlari ham hech qanday mojarosiz, janglar va qon to‘kishlarsiz hamjihatlikda yashashani o‘rgansa edi...”.

B.MUHAMMADIYeVA tayyorladi.