O‘zbek teatr va kino san’ati og‘ir judolikka uchradi
O‘zbekiston xalq artisti, Teatr arboblari uyushmasi raisi, O‘zbek milliy akademik drama teatri va kino aktyori, “Do‘stlik” ordeni sohibi, dublyaj ustasi, ustoz san’atkor Yoqub Ahmedov 87 yoshida vafot etdi.
Yoqub Ahmedov 1938 yilda Namanganda tavallud topgan. A.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini rejissyorlik fakultetini tamomlagan. 1958 yil O‘zbek milliy akademik drama teatriga aktyor lavozimida ish boshlagan. 1993 yildan 2013 yilgacha shu teatrning direktori sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Ijodiy jamoada ishlash jarayonida ellikdan ortiq spektakllarda asosiy rollarni o‘ynaydi. Dastlab Uyg‘unning “Parvona” asari asosida sahnalashtirilgan spektaklda Murodjon rolini o‘ynagan. Bu birinchi va mustaqil roli ustida tinimsiz mehnat qildi, izlandi.
Keyinchalik Mustay Karimning “Oy tutilgan tunda”da Oq yigit, Vilyam Shekspirning “Veronalik ikki yigit”da Protey, Aleksandr Ostrovskiyning “So‘nggi qurbon”ida Dulchin, Uyg‘unning “Abu Rayhon Beruniy”ida Beruniy, Sofoklning “Antigona”da Kreonat, Lev Tolstoyning “Tirik murda”sida Karenin, Aleksandr Ostrovskiyning “Har to‘kisda bir ayb”ida Gorodulin, Hamzaning “Boy ila xizmatchi”sida Solihboy, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”ida Bobur, Muxtor Avezovning “Abay”ida Abay, Uyg‘unning “Zebunniso”sida Shohjahon, Shekspirning “Otello”sida Otello, I.Rigadaning “Marshal Jukov”ida Jukov, Izzat Sultonning “Abdulla Qodiriyning o‘tgan kunlari”da Yusufbek hoji, Uyg‘un va Izzat Sultonlarning “Alisher Navoiy”sida Alisher Navoiy obrazini mohirona ijro etdi. 50 dan ortiq spektakllarda asosiy rollarni o‘ynadi.
Yoqub Ahmedov o‘zi yaratgan obrazlarning ichki dunyosini, o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘z qarashlar, imo-ishoralarda, yurish-turish orqali yorqin, aniq ocha oladigan mohir aktyorlardandir.
Yoqub Ahmedovni keng san’at muxlislariga tanitgan ilk obraz - bu Turob To‘la ssenariysi asosida, rejissyor Yo‘ldosh A’zamov tomonidan 1958 yilda suratga olingan “Furqat” filmidagi Furqat obrazi bo‘ldi. Agar Alisher Navoiy obrazini Olim Xo‘jayev sahnada, Razzoh Hamrayev ekranda katta mahorat bilan ijro etib, keng jamoatchilikka qanday tanilgan bo‘lsa, Yoqub Ahmedov ham Furqat obrazi bilan san’at muxlislariga tezda tanildi va e’tirof etildi.
Shundan keyin Yoqub Ahmedov kinoda 100 ga yaqin obraz yaratib, o‘zbek kino san’atida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. U yaratgan Okxoy (“Ganga qizi”), Qodirov (“Zumrad”), Azizbek (“O‘tgan kunlar”), Amir Olimxon (“Qora konsulning halokati”), Umar (“Sevgi dramasi”), Shayx (“Hamza”), Sultonali (“Mehrobdan chayon”), Qozi ( “Shum bola”), Shayx Abbos (“Olovli yo‘llar”), Qosim (“Alibobo va qirk qaroqchi”) va boshqa obrazlarni alohida ta’kidlash o‘rinli. Shuningdek, “O‘zbekfilm” kinostudiyasida dublyaj qilingan filmlarga ham ovoz berdi.
Yoqub Ahmedov “O‘zbektelefilm” ijodkorlari tomonidan yaratilgan “Alisher Navoiy”, “Ulug‘bek xazinasi”, “Diyonat”, “Girdob”, “Ichkuyov”, “Charxpalak” va boshqa videofilmlarda ham yetakchi rollarni ijro etdi. U yaratgan Alisher Navoiy obrazi aktyor ijodida muhim o‘rin egallagan bo‘lsa, ilmda guruhbozlikka va soxtalikka berilgan institut direktori (U. Usmonov, “Girdob”), harom yo‘l bilan boylik orttirishga ustasi farang xo‘jalik raisi (T.Po‘lat, “Ichkuyov”) obrazlari ham teletomoshabinlarga manzur bo‘lgan.
Iste’dodli teatr va kino aktyori Yoqub Ahmedovning sermahsul ijodi “SSSR xalq artisti”, “O‘zbekiston xalq artisti” unvonlari, 1977 yilda Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, 1997 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan edi.
Ustozning oila a’zolariga, yaqinlariga chuqur ta’ziya bildiramiz!