Sayyor qabulda 332 ta murojaat bo‘ldi

Xabar berganimizdek, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev va viloyat sektor rahbarlari, Xalq qabulxonasi mas’ullari ishtirokida Kattaqro‘rg‘on tumanida sayyor qabul o‘tkazildi.

Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon, Narpay, Paxtachi tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahri aholisi uchun tashkil etilgan qabulda fuqarolar turli masalalar yuzasidan viloyat rahbarlariga murojaat qildi.

Murojaatlarning asosiy qismini yer va mol-mulkni rasmiylashtirish, kadastr hujjatini tayyorlash, sud qarorlarining ijrosi, aliment undirish va hududlardagi infratuzilmani yaxshilash bilan bog‘liq masalalar tashkil etdi.

Qabulda viloyat boshqarma va idoralari, tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etgani bois aksariyat murojaatlar tegishligiga bo‘yicha mas’ullarga yo‘naltirildi va shu yerning o‘zida hal etish choralari ko‘rildi. O‘rganish va vaqt talab qiladigan muammolar bo‘yicha muddat belgilanib, nazoratga olindi.

Sayyor qabulda 332 ta murojaat qayd etildi.

Viloyat sektor rahbarlarining navbatdagi sayyor qabuli 24 yanvar kuni Payariq tumanida o‘tkazilishi belgilandi.