SamDUning intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakultetining yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rektor hamda professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Tadbirda Mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida respublikadagi 18 ta oliy ta’lim muassasasida 9980 o‘rinli yangi talabalar turarjoyi hamda ming o‘rinli o‘quv binolari bir vaqtda foydalanishga topshirilishga start berildi.

Intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakultetining yangi binosi zamonaviy va sharqano me’morchilik an’analari asosida bunyod etilgan bo‘lib, to‘rt qavatdan iborat va 1200 nafar talabani qabul qilish imkoniga ega.

– Muassasada axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, amaliy matematika yo‘nalishlarida bakalavr, magistr, doktarantlar tayyorlash uchun barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi fakultet dekani Fayzulla Nazarov. – Bino kaktus ko‘rinishida bo‘lib, ramziy ma’noda Mirzo Ulug‘bek bobomizning rasadxonasiga qiyoslangan. Yorug‘ va shinam ma’ruza, o‘quv xonalari, kutubxona hamda ilmiy-amaliy laboratoriyalar o‘qituvchi va tadqiqiotchilar ixtiyorida. 2025-2026 o‘quv yilidan ushbu zamonaviy binoda 1000 nafar talaba o‘qishni boshlaydi.

Prezidentimizning 2024 yil 14 oktyabrdagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatimizning sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanuvchi dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga kirishiga erishish vazifasi belgilangan.

Shunga ko‘ra, fakultetda sun’iy intellekt ilmiy laboratoriyasi tashkil etilgan bo‘lib, talabalar yosh tadqiqotchilar ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilishga qaratilgan ilmiy ishlanmalar va yangi loyihalar ustida ish olib bormoqda. Shuningdek, kiberxavfsizlik, matematik modellashtirish, robototexnika laboratoriyalari ham mavjud.

- Laboratoriyamizda turli sohalarga yo‘naltirilgan sun’iy intellekt integratsiyasi bilan ishlash imkoniyati mavjud, - deydi ilmiy tadqiqotchi Munis Hamdamov. - Xususan, ijtimoiy-iqtisodiy soha, tibbiyot, yo‘l harakati xavfsizligi sohalarida tadqiqot olib boryapmiz. O‘zim Buyuk Britaniyada sun’iy intellekt bo‘yicha magistraturada o‘qib keldim. Hozirda avtohalokatlarning oldini olish maqsadida haydovchilar uchun avtomobillarga sun’iy intellekt integratsiya qilgan kamera o‘rnatish ustida ishlayapman. Bunda sun’iy intellekt orqali haydovchining horg‘in, uyqusizlik, charchoq holatlari oldindan aniqlanadi.

Shu bilan birga, tirbandlikni oldindan aniqlash ustida ham ishlayapman. Bu orqali sun’iy intellekt modellari chorraha va yo‘llardagi kamera tasvirlarini qayta ishlab, ko‘chalardagi tirbandlikni oldindan prognoz qilib beradi.

Tadbir davomida ishtirokchilar yangi o‘quv binosida talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.