Samarqand davlat universitetiga 5 yulduzli universitet maqomi berildi

Samarqand davlat universiteti O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib QS Stars reytingida 5 yulduzli maqomga ega bo‘ldi.

QS Stars tizimi oliy ta’lim muassasalarini global miqyosda baholovchi Buyuk Britaniyaning QS xalqaro reyting agentligi tomonidan 2009 yilda tashkil etilgan bo‘lib, universitetlarni 13 kategoriya bo‘yicha baholaydi: ta’lim sifati, bitiruvchilarning ishga joylashuvi, tadqiqot, xalqarolashtirish, akademik rivojlanish, qulayliklar, onlayn ta’lim, innovatsiyalar, san’at va madaniyat, inklyuzivlik, ijtimoiy mas’uliyat, atrof-muhitga ta’sir va tanlangan mutaxassislik. Reytingga kirish uchun universitetlar kamida 8 yo‘nalishni tanlab ma’lumot taqdim etadi.

QS kompaniyasi Samarqand davlat universiteti faoliyatini baholashni 2023 yil 1 noyabrda boshladi va natijalar 2024 yil e’lon qilindi.

Natijada universitet maksimal 1000 balldan 780 ball to‘plagan (5 yulduzli universitet bo‘lish uchun minimal ko‘rsatkich 700 ball).

QS tomonidan global miqyosda ish beruvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, Samarqand davlat universiteti 158 nafar ish beruvchilar tomonidan sifatli kadrlar yetkazib berishi e’tirof etilgan.

Universitet bitiruvchilarining 90 foizdan ortig‘i o‘qishni tugatgandan keyin 24 oy ichida doimiy ishga joylashgan. Universitetda tashkil etilgan “Karera” markazi ishga joylashish xizmatlari natijasida bitiruvchilarning ishga joylashishi ko‘rsatkichi ham 5 yulduzga ega bo‘ldi.

Keyingi yillarda SamDUda 20 ga yaqin qurilishlar: o‘quv binolari, talabalar turar joylari, sport inshootlari, ilmiy laboratoriyalar, IT markaz barpo etildi. Bu esa QS reyting agentligi tomonidan e’tirof etildi va universitetda yaratilgan qulayliklar kategoriyasi bo‘yicha ham 5 yulduz bilan baholandi.

Tanlangan ta’lim yo‘nalishi kategoriyasida baholash uchun fizika yo‘nalishi tanlangan. Fizika yo‘nalishida o‘qishga kirishda har bir o‘rin uchun 15,8 nafar abituriyent ariza topshirganligi, talabalarning 94 foizi o‘z vaqtida o‘qishni tugatayotganligi va 94,1 foizi ta’lim sifatida mamnun ekanligi natijasida bu yo‘nalishda ham 5 yulduz qo‘lga kiritilgan.

Samarqand davlat universiteti axborot xizmati.