Vaqtida murojaat etilsa, davolasa bo‘ladi
Har yili 26 iyun sanasi dunyo miqyosida Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashabbusi bilan jamiyatni giyohvandlik balosining xavfli oqibatlaridan ogoh etish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida belgilangan.
Giyohvandlik insoniyat oldida turgan eng jiddiy ijtimoiy muammolardan biri hisoblanadi. U nafaqat inson salomatligiga, balki oila farovonligi, jamiyat barqarorligi va mamlakat taraqqiyotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Giyohvand moddalarga qaramlik insonning jismoniy va ruhiy holatini izdan chiqarib, uning hayot sifati pasayishiga olib keladi.
Bugungi kunda giyohvandlikka qarshi kurash davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, ta’lim muassasalari va keng jamoatchilikning hamkorligini talab etadi. Ayniqsa, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport, ilm-fan va ijodga jalb qilish orqali bu illatning oldini olish muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, kuzatuvlarimizga ko‘ra, ota-onasidan uzoq yashaydigan, bobo-buvilari, qarindoshlari qo‘lida qolgan o‘smir yoshlar o‘rtasida ko‘proq shunday salbiy holatlar uchramoqda.
Giyohvandlikning oldini olishda oila muhiti hal qiluvchi o‘rin tutadi. Farzandlar bilan samimiy muloqot qilish, ularning qiziqishlari va muammolariga befarq bo‘lmaslik, to‘g‘ri hayotiy qadriyatlarni shakllantirish kelajak avlodni turli zararli odatlardan asrashga xizmat qiladi. Bola o‘z-o‘zdan asabiy bo‘lib qolsa, gap yoqmasa, uydan chiqib ketish holatlari ko‘paysa, ota-onalar hushyor tortishlari lozim.
To‘g‘ri, bugun markazimizda giyohvandlikka chalingan fuqarolarni davolashda yangi, zamonaviy usullar qo‘llanilmoqda, natijada (agar o‘z vaqtida murojaat etilsa) davolash samaradorligi 80 foizga yetdi.
Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan yurtimizda ham turli ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari, sport musobaqalari va targ‘ibot aksiyalari tashkil etilmoqda. Bu kabi tashabbuslar aholi o‘rtasida giyohvandlikning zarari haqidagi bilimlarni oshirishga, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
Baxtiyor QUDRATOV,
Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy-salomatlik
ilmiy-amaliy tibbiyot markazining narkologiya
xizmati bo‘yicha viloyat filiali oliy toifali shifokori.