Kecha Qo‘shrabotda, bugun Payariqda, ertaga Jomboyda
“Har kuni bayram. Shunday dorilomon kunlarimizga ko‘z tegmasin. Shukronalar bo‘lsin!”. Bu gaplar bugun samarqandlik yoshlarning tilida takrorlanyapti, dilidan chuqur joy egallayapti.
Shu kunlarda mamlakatimizning turli hududlarida bayramona shukuh hukmron. An’anaga aylangan, har yili 30 iyun – Yoshlar kuni oldidan o‘tkaziladigan oylik doirasidagi festivallar, marafonlar bu yil ham ko‘tarinki ruhda tashkil etilmoqda. Viloyatimizning hech bir hududi e’tibordan chetda qolgani yo‘q. Yoshlar oyligi doirasidagi “Tashabbuslar marafoni” kecha olis Qo‘shrabot tumanida tashkil etilgan bo‘lsa, bugun Payariq, Past Darg‘om, Nurobod tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrida davom etyapti.
Ota-onalarimiz bizga havas qiladi, - deydi qo‘shrabotlik yoshlardan biri Boburjon Do‘satov. – Ularning yoshligida bir taniqli san’atkorning konsertini tomosha qilish uchun poytaxtga borishi shart bo‘lgan ekan. Buning uchun qancha vaqt, qancha mablag‘ sarflanishini tasavvur qilavering. Imkoniyati bo‘lmaganlar esa konsert nimaligini bilmay umri o‘tib ketishi qanday achinarli-a?! Bugun bizning chekka hududda joylashgan tumanimizga yiliga bir emas, o‘nlab san’atkorlar kelib konsert namoyish etib ketishyapti. Qolaversa, bu konsertlar bepul. Bu mubolag‘a emas. Misol uchun keyingi bir oy davomida uch marta, “Baxshilar festivali”, shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston chempionati va “Tashabbuslar marafoni” kabi tadbirlarning yakunida gala-konsertlar tashkil etilib, har biriga kamida 4-5 nafardan taniqli san’atkorlar taklif etildi. Bu albatta, mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik, faravonlik belgisidir.
Yoshlar oyligi doirasidagi festivallar hali davom etadi. Bu tadbirlar mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yana bir amaliy ifodasidir. Eng muhimi, bayramona kayfiyat va madaniy-ma’rifiy muhit chekka hududlargacha yetib borayotgani yoshlarda shukronalik va Vatan taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usini yanada mustahkamlamoqda.
Charos SAIDOVA.