Samarqandlik xattot ko‘chirgan Qur’on nusxalari “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilishi kutilmoqda

Samarqandda “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilishi mumkin bo‘lgan besh nusxada ko‘chirilgan Qur’oni Karimning qo‘lyozma nusxalari saqlanmoqda.

Qur’onning mazkur nusxalarini ko‘chirgan xattot, Samarqand shahrining Navbahor mahallasi yashovchi 83 yoshli Shavkat bobo Istamovdir. U 15 yil davomida muqaddas kitob nusxalarini ko‘chirgan. Shundan keyin xattot «Ginnesning rekordlar kitobi» ma’lumotlari yig‘iladigan tashkilot tomonidan yuborilgan bildirishnomani oladi. Ustaga uning ishlari e’tiborga olingani va dunyoda shunga o‘xshash kitob bor-yo‘qligi to‘g‘risida tekshirish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.

Xattotlik qadimiy, noyob va mas’uliyatli hunar, - deydi Shavkat bobo. - Bolaligimda otamning tarixiy qo‘lyozmalarni ko‘chirishiga qiziqib, arab yozuvining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganganman. Kunlarning birida otam rahmatli Bibixonim masjidiga olib borib, Qur’on kitobini qo‘yish uchun qadimiy dastgoh - marmar toshdan yasalgan ulkan lavh (Qur’on o‘qiladigan maxsus kursi) ni ko‘rsatgandi. O‘shanda bu lavh uchun albatta kitob yozishni, Qur’on oyatlarini ko‘chirishni dilimga tugib qo‘ygandim. Allohga shukr, niyatimga yetdim - Toshkent politexnika institutida o‘qidim va talabalik yillarim poytaxtdagi Sharqshunoslik instituti qoshidagi xattotlik to‘garagiga qatnashib, xattotlik ilmini o‘rgandim. Afsuski, u vaqtlarda xattotlik bilan shug‘ullanishga ruxsat yo‘q edi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, an’analarimiz qayta tiklanib, ijodning bu turiga qiziqish uyg‘ondi va xattotlik yana rivojlandi. Xattotlik haqidagi ko‘chirgan ilk asarlarimdan biri sharq adabiyoti klassiklarining she’riy asarlari aks ettirilgan qo‘lyozma kitoblaridir. Mazkur kitoblardan Umar Xayyom, Rudakiy, Hofiz, Sheroziy, Ahmad Yassaviy, Pahlavon Mahmud, Alisher Navoiy va boshqa so‘z ustalarining asarlarini ko‘chirdim. 1995 yildan boshlab muqaddas kitob - Qur’oni Karimning nusxalarini ko‘chirishga kirishdim va Qur’onni besh marta qayta ko‘chirishga muvaffaq bo‘ldim. 100 kilogramlik, bo‘yi qariyb 2 metr bo‘lgan Qur’onning so‘nggi qo‘lyozma nusxasini Bibixonim masjididagi qadimiy lavhga qo‘ymoqchiman.

Shavkat bobo tomonidan Qur’onning qo‘lda ko‘chirilgan nusxalarning bebaholigi shundaki, xattot qo‘lyozmani xalqaro standrat format qog‘ozlariga A4, A3, A2, A1, A0+4 formatlarida ko‘chirgan. Ustoz o‘z asarlarida arab yozuvining eng keng tarqalgan va qulay uslubi - “Usmoniy”dan foydalangan. Qur’oni Karimning ilk ko‘chirilgan nusxasi “Haftyaki sharif” (qolgan nusxalar Qur’oni Karim nomi bilan atalgan) bo‘lib, A4 formatda (297x210), 80 varaq, og‘irligi 1 kilogramm. Ikkinchi nusxa A3 formatda (297x420), 110 varaq, og‘irligi 5 kilogramm. Uchinchi nusxa A2 formatda (594x420), 154 varaq, og‘irligi 16 kilogramm. To‘rtinchi nusxa A1 formatda (594x841), 310 varaq, og‘irligi 40 kilogramm. Beshinchi nusxa A0+4 formatda (865x1500),  310 varaq, qalinligi 12 santimetr, og‘irligi 100 kilogramm.

Samarqandda xattotlik maktabi ochilsa...

Shavkat bobo 2018 yilda “Hikmatlar olami” I respublika xattotlik festivalida qo‘lyozmalari bilan ishtirok etib, “Qur’on xattotligi” nominatsiyasi g‘olibligini qo‘lga kiritgan. U kishi bilan suhbatlashar ekanmiz, Samarqandda xattotlik san’atini rivojlantirish borasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar haqida ham fikrlarini bildirdi.

- Hozir xattotlikni biladigan va bu hunar bilan shug‘ullanadiganlar sanoqli, - deydi  Shavkat bobo Istamov. – Chunki sohada mutaxassislar kamayib ketyapti. Tariximiz, qadriyatlarimiz va ota-bobolarimizdan meros qolgan qo‘lyozma va toshbosma asarlarni kelajak avlodga o‘z holicha yetkazish uchun, avvalo, xattotlik maktabi yoki bo‘limini tashkil etish kerak. Jumladan, Samarqand xattotlik maktabida Ochildimurod Miriy Kattaqo‘rg‘oniy (1830–1899), Abduljabbor Urgutiy Samarqandiy (1885–1910) muhim o‘rin tutgan. Lekin haligacha ularning nomi bilan ataluvchi xattotlik maktablari yo‘q. To‘g‘ri, oliy ta’limda, jumladan, Sharqshunoslik institutida shunday yo‘nalishlar bor. Lekin bu kamlik qiladi va yoshlarga bolaligidan xattotlik ilmi o‘rgatilsa, ota-bobolarimiz va ularning asarlariga mehri oshadi, milliiy merosimiz avlodlarga ham o‘z holicha yetkaziladi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.