Qur’oni karimning eng kichik nusxalaridan biri Samarqand muzeyida saqlanyapti

Dunyodagi eng katta Qur’on kitoblaridan biri Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi ekspozitsiyalarida namoyish etib kelinayotgani ko‘pchilikka ma’lum. Ammo eng kichik hajmdagi Qur’on kitobi nusxalaridan biri ham Samarqand muzeyida saqlanayotganini bilarmidingiz?

Muqaddas kitobimizning eng katta va eng kichik hajmdagi nusxalari mavjud bo‘lib, ular dunyoning turli davlatlarida saqlanadi. Dunyodagi eng katta hajmdagi Qur’on kitoblaridan biri 1854-1855 yillarda Buxoro hukmdori Amir Nasrulloh buyrug‘i bilan samarqandlik kotib Mullo Hasan Samarqandiy tomonidan suls xatida Samarqand qog‘oziga ko‘chirilgan. Bu nusxa 1939 yilda Samarqand viloyat muzeyiga topshirilgan.

Qur’oni karimning eng kichik noyob nusxasi esa 1943 yilda muzey fondidan o‘rin olgan. Qo‘lyozmalar fondidagi kitob XIX asrda arab tilida nasta’liq xatida, toshbosma usulida chop etilgan. Hajm jihatidan juda kichikligi sababli kitobni faqat lupa yordamida o‘qish mumkin. Ushbu kitobning kattaligi 2,9x2,1 santimetr o‘lchamda.

Samarqand muzey-qo‘riqxonasi ekspozitsiyalarida namoyish etib kelinayotgan Qur’on kitobining mazkur nusxasi noyobligi va kichikligi inobatga olingan holda metaldan yasalgan jildda saqlanadi. Dastlab kitobning silliq yuzasidagi harflarga tilla suvi yugurtirilgan va undagi bu kabi bezatilish ishlari sezilarli darajada ko‘zga tashlanib turgan. Vaqt o‘tib, tilla suvi o‘chib, bugungi kunga kelib, deyarli bilinmaydi. Kitob solingan metall jild markazida binafsharang katta ko‘zi bor, atroflarida esa 4 ta pushti rang ko‘zdan iborat bezaklar bilan bezatilgan. Kitobning metall jildi qozon tatar ustalari tomonidan yasalgan.

Kitob sahifalaridagi yozuvlar katta shakldagi Qur’on kitoblaridagi yozuvlar bilan bir xil. Kitobning kichik hajmdagi nusxasi mutaxassislar tomonidan tekshirilib, ko‘rib chiqilgan va ular haqiqiy Qur’on kitobi sifatida e’tirof etilgan.

Navbahor Daliyeva,

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi katta ilmiy xodimi.