Muzeylarga e’tibor oshdi ammo... Tizimda hal etilishini kutib turgan muammolar hali ko‘p
Ikkinchi jahon urushi yillarida Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchillga mamlakatning kelgusi yil uchun yillik byudjetini taqdim qilishadi. Bosh vazir hujjat bilan tanishib chiqib, madaniyat uchun ajratmalar yo‘qligi sababini so‘raydi. Shunda moliya vaziri “axir urush ketayapti, qanaqa madaniyat haqida gapirayapsiz” deb javob beradi. Bunga javoban Cherchil shunday degan ekan: “Madaniyatga pul ajratmas ekansiz biz nima uchun jang qilyapmiz”.
Maqolani buyuk davlat arbobi U.Cherchillning gaplari bilan boshlaganimiz bejiz emas. Haqiqatan ham, madaniyat millatning borligini bildirib turadi. Muzeylar esa milliy madaniyatning yorqin namunasi, davlat tarixining tirik guvohlarini saqlovchi, o‘rganuvchi va ommaga namoyish etuvchi maskan hisoblanadi.
Keyingi yillarda hukumat tomonidan muzeylarga bo‘lgan e’tibor kuchaydi. “Muzeylar to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Muzeylarda servis tizimini takomillashtirish haqida Prezident qarori qabul qilindi. O‘zbekiston muzeylari bir nechta xorijiy ko‘rgazmalarda ishtirok etdi va bu jarayon izchil davom etmoqda.
Shu bilan birga tizimda hali hal etilishini kutib turgan muammolar talaygina. Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta’minlash choralari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari xususida yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda muzeylarning bugungi holati haqida bir qator muammolar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, muzey binoalaridan tashqarida muzey ashyolari va kolleksiyalarining mahalliy va xorijiy ko‘rgazmalarini tashkil etish va o‘tkazish qoidalari belgilanmaganligi ko‘rsatilgan. Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 23 dekabrdagi “Respublika muzeylari faoliyatini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Eksponatlarni (ko‘rgazma nusxalarini) xorijga olib chiqish hamda xorijda muzey fondi, jamoat va shaxsiy to‘plamlarning ko‘rgazmalarini o‘tkazish qoidalari” tasdiqlangan. Ammo unda muzeydan tashqarida mahalliy ko‘rgazmalarni tashkil etish va o‘tkazish qoidalari belgilanmagan. Shuningdek, ushbu qoidalar muzey ashyolari ishtirokida mahalliy va xorijiy ko‘rgazmalarni tashkil etish va o‘tkazishning barcha jihatlarini to‘liq qamrab olmagan.
Yig‘ilishda muzey binolarini qurish, ta’mirlash, muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini saqlash hamda xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazardan jihozlash me’yorlari ishlab chiqilmaganligi qayd etildi. Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 31 oktyabrdagi “Muzeylar faoliyatiga taalluqli me’yoriy hujjatlar to‘g‘risida” va 2010 yil 12 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasining “Muzeylar to‘g‘risida”gi Qonunini ro‘yobga chiqarish uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi qarorlari qabul qilingan. Ushbu hujjatlarda muzeylarni tashkil etish, muzey ashyolarini saqlash, o‘rganish va namoyish etish qoidalari belgilangan. Ammo muzey binosiga qo‘yiladigan talablar, fond zaxiraxonalari, ekspozitsiya zallari va boshqa yordamchi xonalarni muzey ashyolarining xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan jihozlash qoidalari belgilanmagan. Yaqin-yaqingacha sovet davrida ishlab chiqilgan muzey binolarini qurish qoidalari amal qilib kelardi. Ammo keyingi vaqtlarda dunyo muzeylarida amalga oshirilayotgan innovatsion yondashuvlar, mamlakatimizda ham muzeylarda servis sohasini rivojlantirishga doir qabul qilinayotgan qaror va farmonlarda ko‘zda tutilgan yangiliklarni amalga tatbiq qilishda zamonaviy yechimlarga ega bo‘lgan muzey binolariga zarurat tug‘ilyapti.
Aksariyat muzeylar binolari ta’mirtalab holatda ekanligi, isitish va sovutish tizimi ishlamasligi, moddiy-texnik bazasi ma’nan eskirganligi, muzey ekspozitsiyalarini texnik jihozlash muzey talablari va standartlariga mos kelmasligi, muzey fondlarida harorat va namlik me’yorlari buzilayotganligi, muzeylar ekspozitsiya maydoni torligidan noyob ashyolar zaxiraxonalarda qolib ketayotganligi ham yig‘ilishda qayd etilgan.
Muzeylarda oylik maoshlarning pastligi kadrlar qo‘nimsizligiga sabab bo‘layotganligi, ilmiy-fundamental loyihalarni qo‘llab-quvvatlash tizimining yaratilmaganligi ham yig‘ilish kun tartibida muhokama qilindi. O‘zbekistondagi barcha muzeylarda keyingi 30 yil davomida kadrlar masalasida muammolar yuzaga kelgan. Ya’ni, o‘tgan asrning 90-yillarida muzeylar sohasiga bo‘lgan e’tiborning susayishi natijasida muzey xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimi ham isloh qilinmadi. Oqibatda muzeylarda kadrlar qo‘nimsizligi yuz berdi. Deyarli barcha muzeylarda salohiyatli kadrlar yaxshiroq maosh to‘lanadigan sohalarga o‘tib ketdi. Muzeylar oldida esa ish so‘rab kelgan har qanday kadrni ishga olishdan boshqa chora qolmadi. Buning natijasida muzeylarda o‘z ishini bilmaydigan, vaqt o‘tkazish va ish staji ketishi uchun ishlaydigan xodimlar yig‘ila boshladi. Butun o‘tgan davr mobaynida faqat bir marta Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 5 martdagi “Muzeylar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq muzey xodimlari maoshiga 25 foiz ustama haq qo‘shib berish yo‘lga qo‘yilgan. Ammo shu bilan ham muzey xodimlari o‘zlariga yuklatilgan mas’uliyatdan bir necha barobar kam maosh bilan kifoyalanishga majbur bo‘lishmoqda.
Muzeylar nafaqat tomoshabinlar uchun tarixga sayohat qilish imkonini taqdim qiluvchi maskan, ular bir vaqtning o‘zida ulkan ilmiy laboratoriya hamdir. Muzeylar fondlari va arxivlarida tariximizga taalluqli bo‘lgan, o‘z tadqiqotchisini kutib turgan bir necha yuz minglab manbalar mavjud. Ularni tadqiq etish, ilmiy muomalaga kiritish vatanimiz tarixining ochilmagan sahifalarini yoritish imkonini beradi. Ammo ta’kidlanganidek, muzeylarda ilmiy-fundamental tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi haligacha yaratilmagan.
O‘ylaymizki, Oliy Majlis Senatining yig‘ilishi yuzasidan qabul qilgan qarorlari sohada oldinga siljishlarga imkon yaratadi.
Mahmudxon YuNUSOV,
muzeyshunos.